YeIB O‘zbekistonda fotoelektr stansiyalari qurish uchun qariyb 84 million dollar kredit ajratdi
Yevropa investitsiya banki (YeIB) O‘zbekistonning mintaqadagi eng katta umumiy quvvatga ega fotoelektr stansiyalarini rivojlantirishga qaratilgan quyosh energiyasi dasturi uchun 83,6 million AQSh dollari miqdoridagi kreditni ma’qulladi.
Dasturdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda elektr energiyasi ta’minotini oshirish, qazib olinadigan yoqilg‘i ishlab chiqarishga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirishdan iboratdir.
«Ushbu loyiha Yevropa Ittifoqi maqsadlari va O‘zbekistonning energiya ishlab chiqarish bo‘yicha milliy maqsadlariga erishishga yordam beradi. U qayta tiklanadigan energiya, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va ekologik barqarorlik bo‘yicha YeIB ustuvor maqsadlariga ham mos keladi. Bu O‘zbekistonning 2030 yilda elektr energiyasi ishlab chiqarishda 25 foiz qayta tiklanadigan manbalardan foydalanish maqsadiga erishishga ko‘maklashadi. Shu bilan birga, uglerod chiqindilari va havo ifloslanishi ko‘rsatkichini kamaytirish orqali O‘zbekiston aholisining yashash sifati yaxshilanadi», – deydi YeIB vitse-prezidenti Tereza Chervinskaya.
Umumiy ishlab chiqarish quvvati 897 MVt bo‘lgan uchta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish va ekspluatatsiya qilish uchun jami 396,4 million dollar ajratilgan bo‘lib, mablag‘ning qolgan qismi Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ulushiga to‘g‘ri keladi.
Masdar (Abu-Dhabi Future Energy Company) kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladigan uchta loyiha doirasida Samarqand va Jizzaxda har biri 220 MVt quvvatga ega ikkita va Sherobodda 457 MVt quvvatga ega bitta quyosh fotoelektr stansiyasi barpo etiladi. Qurilish ishlari darhol boshlanishi va stansiyalar 2024 yildayoq ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Loyiha BMTning 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan arzon va toza energiya; munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish; sanoat, innovatsiyalar va infratuzilma; iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish kabi ustuvor yo‘nalishlarga ham to‘g‘ri keladi.
Yevropa Ittifoqining asosiy moliya-kredit davlat muassasasi sanalgan YeIB bugungi kunga qadar O‘zbekistonda infratuzilma va iqtisodiyot tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlovchi 326 million yevro miqdorida kreditlarni imzolagan.
Avvalroq YeIB vitse-prezidenti Tereza Chervinskaya «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda Markaziy Osiyoda 1 milliard yevrolik loyihalar tasdiqlanganini ma’lum qilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter