Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat budjetidan joriy etilgan 127 turdagi subsidiyaning 15 tasidan foydalanilmayapti

Davlat budjetidan joriy etilgan 127 turdagi subsidiyaning 15 tasidan foydalanilmayapti

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan iqtisodiyot tarmoqlariga yo‘naltirilgan imtiyozlar samaradorligi tahlili bo‘yicha yig‘ilishda ta’kidlanishicha, eksportni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan subsidiyalar ham o‘z natijasini berib, tadbirkorlarning tashqi bozorga chiqishiga madad  bo‘lmoqda.

Birgina o‘tgan yilda 280 milliard so‘mdan ortiq shunday subsidiyalar ajratilgan bo‘lib, uning 220 milliardga yaqini eksport bo‘yicha transport xarajatlariga yo‘naltirilgan. Natijada 2 ming 800 ta korxona ilk bor tashqi bozorga chiqqan.

Shuningdek, eksportchi korxonalarga xalqaro standartlash va sertifikatsiyalash, sug‘urta va hatto reklama xarajatlari qisman qoplab berilmoqda. Natijada elektr texnikasi tarmog‘ida berilgan har bir so‘m subsidiya evaziga 870 so‘mlik eksport amalga oshirilgan. Bu ko‘rsatkich to‘qimachilik sohasida 555 so‘m, qurilish materiallari sohasida 273 so‘mni tashkil etgan.

Tadbirkorlarga ko‘maklashish uchun kredit foizlarini kompensatsiya qilish va kredit kafolatlari berish tizimi yaratildi. Ularga kredit yuklamalarini kamaytirish maqsadida Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 6 trillion 100 milliard so‘mlik majburiyatlar olingan bo‘lib, joriy yilning o‘zida 2 trillion 500 milliard so‘mlik kompensatsiyalar to‘lab berilgan.

Lekin, joylarda imtiyozlardan samarasiz yoki maqsadsiz foydalanish holatlari ham uchrab turibdi. Masalan, davlat budjetidan 127 turdagi subsidiya joriy etilgan bo‘lsa-da, amalda ularning 15 tasidan foydalanilmayapti.

Tarmoqlar va sohalar bo‘yicha ham imtiyozlar samaradorligi bir xil emas. Misol uchun, qishloq xo‘jaligiga berilgan har 1 so‘m imtiyoz evaziga sohada 33 so‘m qo‘shilgan qiymat yaratilmoqda. Bu ko‘rsatkich sog‘liqni saqlash sohasida 30 so‘m, ta’limda 22 so‘m, axborot texnologiyalarida 16 so‘mni tashkil etmoqda.

Yig‘ilishda imtiyozlarning samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring