«Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston Ltd.» xususiylashtirilishi mumkin
Moliya vazirligida 18-19-sentyabr kunlari Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, «The Coca-Cola Company» (AQSh) va «Coca-Cola Içecek» (Turkiya) kompaniyalari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tgan va unda o‘zaro hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilinib, «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston Ltd.» QK MChJ ga strategik investorni jalb etish masalasi ham ko‘rib chiqilgan. Bu «UzReport» xabar berdi.
«Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston Ltd.» QK MChJ ning 57,1 foizi «O‘zbekoziqovqatxolding» davlat xolding kompaniyasiga, 42,9 foizi «The Coca-Cola Export Corporation»ga tegishli.
Yig‘ilishda «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston Ltd.» QK MChJ ni xususiylashtirish masalasi ham tilgan olingan.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ham mazkur loyihaga investitsiya kiritib, bitim xalqaro standartlarga muvofiq o‘tishida ko‘maklashmoqchi.
«Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston Ltd.» QK MChJ faoliyatini 1993-yilda boshlagan. Bugungi kunda O‘zbekistonda uchta zavodi bor (Toshkent, Namangan, Urganch). Ularda o‘nta ishlab chiqarish liniyasi bo‘lib, to‘qqiz xil, jumladan, «Coca-Cola», «Fanta», «Sprite», «Bonaqua» va «Fyuz Chay» ichimliklari ishlab chiqariladi.
O‘zbekistondagi to‘rtta ISO xalqaro sifat sertifikatiga ega yagona oziq-ovqat sanoati kompaniyasi ham aynan «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston Ltd.» QK MChJ hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter