Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Biz kelajak 100 yil uchun ahamiyatli bo‘lgan iqtisodga asos solmoqdamiz — Prezident

Biz kelajak 100 yil uchun ahamiyatli bo‘lgan iqtisodga asos solmoqdamiz — Prezident

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda Olmaliq shahrida bo‘lib turibdi. Davlat rahbari tashrif davomida «Yoshlik 1» konini o‘zlashtirish loyihasi bilan tanishdi va faollar bilan uchrashdi.

Prezident uchrashuv vaqtida yurtimizda topilayotgan yerosti boyliklari haqida gapirib o‘tdi, deya xabar bermoqda Xabar.uz muxbiri.

— Oxirgi vaqtlarda geologiyaga bo‘lgan e’tibor pasayib ketgani uchun shuncha boyligimiz borligini o‘zimiz ham bilmagan ekanmiz. Geologiya bo‘yicha olib borilgan ishlar tufayli Olmaliqning o‘zida katta-katta boyliklar aniqlandi. Agar Navoiyda oltin zaxirasi 3 ming tonnadan oshmasa, Olmaliqda 5 ming tonna bor. Istiqbol juda katta, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident o‘z nutqi davomida yig‘ilish qatnashchilariga murojaat qildi va: «Siz hali qanchalik boy ekaningizni bilmaysiz», — dedi. Davlat rahbari misni qayta ishlash uchun uchinchi korxona qurilayotgani gapirib o‘tdi hamda yaqin vaqtlar ichida to‘rtinchi va beshinchi korxona ham bunyod etilishini ta’kidlab o‘tdi.

— Dunyo iqtisodida misga bo‘lgan e’tibor kuchayib bormoqda. Bitta elektromobilga qancha mis ketishini hisoblab chiqsangiz ham buni bilib olish mumkin. Shu vaqtga qadar misni qayta ishlash ancha oqsab qolgan edi, Olmaliqda ikkita korxona bo‘lgan va ularning ham uskunalari eskirib ketgan. Biz uchinchi misni qayta ishlash korxonasiga tamal toshi qo‘ydik. Men kerakli topshiriqlarni berganman, bir oy ichida to‘rtinchi va beshinchi korxonalar qurilishini boshlashni rejalashtirib qo‘ydik, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident shuningdek yashil energetikaning iqtisodiyotdagi o‘rni haqida ham gapirib o‘tdi.

— Xozir butun dunyo yashil iqtisodiyotga o‘tmoqda. Yaqinda Koreya Respublikasiga borib keldim, ular bilan hamkorlik bo‘yicha ko‘plab kelishuvlarga erishdik.

Koreyada yerosti boyliklari yo‘q, ammo dunyoning kuchli o‘nligiga kiradigan kuchli iqtisodi bor. Bundan oltmish yil oldin Koreyada hech narsa bo‘lmagan. Ammo bilim tufayli rivojlanib ketdi.

Koreyaliklar o‘z uskunalarni Olmaliqqa o‘rnatishga rozi, ammo energiyaning necha foizini yashil energetikadan olinishiga qiziqishdi. Yaqin vaqtlar ichida 25 foiz quvvatni yashil energetikadan olishimizni aytgandik, kelishga rozi bo‘ldilar, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev shuningdek mis eksporti istiqboli haqida ma’lumot berib o‘tdi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, mis eksporti 1,5 milliard dollarga yetkazilishi mumkin. Buning uchun mega loyihalar amalga oshiriladi, ammo ularda ishlay oladigan bilimli yoshlarga katta ehtiyoj paydo bo‘ladi.

— Biz yangi korxonalarga yangi uskunalar olib kelamiz. Bu korxonalarda bilimli, informatsion texnologiyalardan xabari bor yoshlar kerak bo‘ladi. Biz bu mega loyihalar uchun katta mablag‘ sarflamoqdamiz va buning uchun yetti o‘lchab, bir kesmoqdamiz. Xozir kelajak 100 yil uchun ahamiyatli bo‘lgan iqtisodga asos solmoqdamiz, — dedi Mirziyoyev.

Prezident tomonidan ta’kidlanishicha, uchinchi misni qayta ishlash korxonasi qurilishi Mustaqillik bayramiga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring