Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Birja orqali 8 oyda 1 tonnadan ziyod oltin va kumush sotildi – UZEX

Birja orqali 8 oyda 1 tonnadan ziyod oltin va kumush sotildi – UZEX

Joriy yil boshidan buyon O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining birja savdolari orqali umumiy qiymati 613,9 mlrd so‘mdan ortiq 1 tonnadan ziyod qimmatbaho metallar sotildi. Bunda, birja orqali sotilgan oltinning hajmi 611,9 mlrd so‘m, kumushning hajmi esa – 2 mlrd so‘mga yetdi.

Birja orqali sotilgan qimmatbaho metallarning sotuv hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ham moddiy, ham qiymat jihatdan to‘rt marotabaga oshgan.

2023-yil yanvar-sentyabr oylari davomida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida oltin bo‘yicha shakllangan birja kotirovkasi 1 gramm uchun 684,8 ming so‘mdan 744,1 ming so‘mgacha, ya’ni 9 foizga o‘sdi.

Qimmatbaho metallarning boshlang‘ich bahosi Markaziy bankning birja bitimi tuzilgan sanadagi kursi bo‘yicha milliy valyutada London qimmatbaho metallar bozori uyushmasining so‘nggi tonggi fiksingi asosida belgilanadi.

Ayni paytda Londonning qimmatbaho metallar bozori uyushmasining fiksing narxi 1 unsiya oltin uchun 1901,1 AQSh dollarini tashkil qiladi.

Birja bozorida «Olmaliq KMK» AJ va «Navoiy KMK» AJ qimmatbaho metallarning sotuvchisi sifatida ishtirok etmoqda, xaridorlar esa sanoatda ishlatiladigan mahsulotlarni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchilar, zargarlik buyumlar ishlab chiqaruvchilar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, qimmatbaho metallar 2019-yil mart oyidan boshlab O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining birja savdolari orqali sotila boshlangan.

Ma’lumot uchun: Troy unsiyasi qimmatbaho metallarning savdosida asosiy o‘lchov belgisi sifatida foydalaniladi. Bir troy unsiyasi 31,1 grammga teng.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring