Banklarga harakatsiz mulklarni bozor qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat berilishi mumkin

Prezident bugungi yig‘ilishda banklarni o‘ylantirayotgan qator masalalar borligini ta’kidlab, ularning yechimiga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, banklar balansida 3 mingta harakatsiz mulk bor. Banklar ulardan tezroq qutilsa, qo‘shimcha resurs va 150 mingta ish o‘rni yaratish uchun zaxira paydo bo‘ladi.
Shu bois, banklarga harakatsiz mulklarni bozor qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat berilishi belgilandi.
Shuningdek, banklar bu mulklarni daromadli biznesga aylantirib, tayyor holda investorga sotadigan tizim yaratiladi.
Kredit qarzi hisobidan garovni sud orqali undirish jarayonining tezkorligini oshirish dolzarb masala bo‘lib turibdi.
Bank huquqlari ustuvorligini ta’minlash, undiruvga qaratilgan mulklarni tezroq sotish, sud orqali undiruv muddati, ortiqcha kelishuv hujjatlari va sud xarajatlarini keskin qisqartirish, garov bilan ta’minlangan qarzlarni sudgacha undirish amaliyotini keng qo‘llash bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Ushbu takliflarni har tomonlama ko‘rib chiqib, qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish muhimligi ta’kidlandi.
Majburiy undiruvga qaratilgan mulklar masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Bu jarayonni takomillashtirish maqsadida manfaatdor tomonlar o‘rtasida onlayn axborot almashishni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter