Ayollar sotib olgan emas, olmoqchi bo‘lgan xaridini o‘ylaydi — «Milliy bank» mijozidan maslahat
Jizzax viloyati, Arnasoy tumanida joylashgan tekstil korxonasining o‘rni ilgari cho‘l edi. Uch yil muqaddam tumanda «Arnasoy gold Tex» MChJ ishga tushirildi. Hozir bu yerda 600 dan oshiq ish o‘rni yaratildi. Yana 600 kishi ishga olinishi rejalashtirilmoqda. Bu ishlarning barchasi O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki ko‘magida amalga oshirildi.
Turkiyalik mutaxassis Adem Terzi korxonada maslahatchi-boshqaruvchi sifatida ish boshlaganiga ham uch yildan oshdi. Bu vaqt ichida u o‘zbek va rus tillarini o‘rganib oldi.
— O‘zbek tilini ikki haftada o‘rganib oldim. Hech qanday muammo bo‘lmadi. Har holda qardoshlarmiz. Ammo rus tilida gapirib ketish juda qiyin bo‘lmoqda. Hozircha oddiy gaplar bilan muloqot qila olaman va to‘liq tushunaman. Mijoz tilini tushunish juda muhim, — deydi turkiyalik mutaxassis. — Buni menga bolaligimdan o‘rgatishgan. Katta bobolarimiz to‘qimachi-hunarmand bo‘lgan, 1840 yilda Istanbulda do‘kon ochgan. Ular qo‘lda tayyorlagan mahsulotlar hozir ham uyimizda saqlanadi. Oilamizda tug‘ilgan har bir chaqaloqning genida bu kasb bor. Mato tayyorlash, tikish — biz bu ishdan boshqasini uddalay olmaymiz.
Korxonada o‘zbek paxtasidan yuz foizli sifatli tekstil matolaridan kiyim-kechak, sochiq va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Bu mahsulotning barchasi xorijga eksport qilinadi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: o‘zbek paxtasi xorijga mahsulot yetkazib berish darajasida sifatlimi?
— Ha, o‘zbek paxtasi sifatli, — deydi Adem Terzi. — Ammo uni qayta ishlash jarayoni sifatli emas. Men O‘zbekistonning barcha hududidagi paxtalarni tahlil qildirganman — Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Jizzax, Sirdaryo, vodiy. O‘zbekiston tugul dunyodagi ancha-muncha davlatlarda yetishtirilgan paxtalarni o‘rganganman. Shuning uchun bemalol ayta olamanki, o‘zbek paxtasining sifati juda yaxshi. Biroq uni qayta ishlash yaxshi emas. Paxta masalasida juda extiyot bo‘lish lozim. U ham xuddi boladek, agar qayerdadir xato qilsangiz, mahsulot siz istagandek bo‘lmaydi.
Ayniqsa bo‘yash jarayoni achinarli. Paxtaga turli kimyoviy elementlar bilan ishlov berilgandan so‘ng matoning havo va suv o‘tkazuvchanligi buziladi. Agar mato havo o‘tkazmasa, suv ham o‘tkazmaydi. Sifatli sochiqni qanday aniqlaysiz, bilasizmi? Juda oson. Shunchaki sochiqni olasiz, taxlaysiz va suv ustiga qo‘yasiz. Agar u cho‘ksa, yaxshi sochiq. Agar suzsa, demak yomon sochiq. Afsuski O‘zbekistonda hozir aksariyat sochiqlar suzmoqda.
Adem Terzi bildirgan fikrlar orasida yana biri juda qiziqarli bo‘ldi — tekstil mahsulotlariga ayollar ko‘proq qiziqadi.
«Erkak kishi hech qachon bozorga tushib, o‘ziga sochiq yoki paypoq olmaydi. Uni siz uchun ko‘pincha onangiz, opa-singlingiz yoki rafiqangiz sotib oladi. Ayol kishi esa sotib olgan emas, endi olmoqchi bo‘lgan xaridi haqida o‘ylaydi.
Bizning mahsulotlarimiz Chexiya, Estoniya, Latviya, Litva, Polsha, Rossiya, Bahreyn, Qatar va BAAga ketadi. Korxonamiz har bir mamlakat ayollarining didiga mos rang tanlashga harakat qiladi. Masalan, Rossiyaning o‘zida hududlarga qarab turli mahsulotlarga qiziqish bildiriladi. Aytaylik, Kavvazdagi chechen yoki dog‘istonlik ayollarga qizil rang yoqadi. Markaziy hududlardagi rus ayollariga esa pushti, olcha rangli sochiqlar kerak. Aksincha, Moskva shahrida yashil rangli mahsulotni sotish juda qiyin», — deydi Terzi.
Milliy bank tomonidan Jizzax viloyatiga tashkil etilgan press-tur davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter