Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zmilliybank» ko‘magida Rossiyadan beshta elektrovoz olib kelinadi

«O‘zmilliybank» ko‘magida Rossiyadan beshta elektrovoz olib kelinadi

Foto: Xabar.uz

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki AJ «VEB.RF» davlat korporatsiyasi bilan 14.3 million yevrolik kredit liniyasini ochish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Ushbu shartnomaga ko‘ra «Novocherkasskiy elektrovozostroitelniy zavod» MChJ tomonidan tayyorlangan beshta magistral yuk elektrovozlari «O‘zbekiston temir yo‘llari» ixtiyoriga olib kelinadi.

Avvalroq, joriy yilning 23-24 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Banklararo assotsiatsiyasi konferensiyasi doirasida «VEB.RF» korporatsiyasi raisi I.I. Shuvalov bilan muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Muzokaralar davomida Rossiya tomoni hamkorlikdagi loyihalarni kelgusida moliyalashtirishni davom ettirishga tayyorligini ma’lum qilgandi.

«VEB.RF» O‘zbekiston Respublikasiga Rossiyadan yuqori texnologiyali uskunalarni yetkazib berishni moliyalashtirish bo‘yicha qator sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishda O‘zmilliybankning strategik hamkori hisoblanadi.

«VEB.RF» bilan tuzilgan shartnomaning raqobatbardosh afzalligi shundaki, Rossiya Federatsiyasi tomonidan foiz stavkalarini subsidiyalash mexanizmini qo‘llash orqali kreditni juda jozibali foiz stavkalari bo‘yicha jalb qilish mumkin.

Hamkorlik doirasida bugunga qadar umumiy qiymati 188 million yevroga teng 4 ta kredit bitimi tuzildi va gidroenergetika, issiqlik energetikasi va transport sohasidagi loyihalar moliyalashtirildi.

«VEB.RF» davlat rivojlanish korporatsiyasi 1922 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Rossiyada 51 milliard dollarlik aktivlarga ega eng yirik rivojlanish instituti hisoblanadi. Korporatsiya ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirish, Rossiya iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish va iqtisodiyotni innovatsiyalar asosida modernizatsiya qilishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring