Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anomal issiq O‘zbekiston va Tojikistonda rekord darajada olma hosilini nobud qilishi mumkin

Anomal issiq O‘zbekiston va Tojikistonda rekord darajada olma hosilini nobud qilishi mumkin

Foto: «Xabar.uz»

EastFruit ekspertlarining xabariga ko‘ra, 2022-yil bahorida O‘zbekiston va Tojikistonda juda yaxshi olma hosili shakllandi.

Fermerlar o‘tgan mavsumdan farqli o‘laroq, 2022-yilda kuzgi olma navlari hosilini yaxshi, ehtimol, rekord darajada bo‘lishini kutishgan edi. Zero, 2021-yilda sovuqning ikki to‘lqini tugunakni qattiq shikastlab, hosil va meva sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Darvoqe, fermerlarning fikricha, 2021-yilda hosilga ortiqcha yuklama tushmaganligi ham joriy mavsumda mo‘l hosil yetishtirishga sabab bo‘ldi.

Biroq, iyul oyidagi ob-havo o‘z ishini ko‘rsatdi. Mintaqada anomal issiq taxminan ikki haftadan ortiq davom etdi. Soya joyning o‘zida harorat 45-46 darajadan oshib ketdi, bu o‘simlikning haddan ziyod stress olishi, suv tanqisligi va mevalarni quyosh urishiga olib keladi. Fermerlar, shuningdek, bunday haroratda mevali bog‘larni qayta ishlashga bir o‘zlari jismonan qodir emasliklarini aytishmoqda.

«Afsuski, Markaziy Osiyodagi bog‘larning oz qismigina do‘lga qarshi to‘rlar bilan jihozlangan. To‘rlar ushbu mintaqa uchun yanada muhim vazifani bajaradi –  mevalarni quyosh urishidan  himoyalaydi. Biroq, hatto to‘r tutilgan bog‘larda ham daraxtlar haddan ziyod termal stressni boshdan kechirmoqda va mevalarning shakllanishi  keskin sekinlashdi. Ba’zi bog‘larda juda yuqori harorat tufayli daraxtlardan mevalar ko‘p miqdorda to‘kilishi kuzatilyapti. Bog‘lar to‘r bilan himoyalanmagan bo‘lsa, deyarli barcha mevalar quyosh urishidan jiddiy zarar ko‘radi, ya’ni, ular faqat qayta ishlash uchun yaroqli bo‘ladi, xolos», deydi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti Investitsion departamenti iqtisodchisi Andriy Yarmak.

Yuqori harorat hali zarur hajmga ega bo‘lmagan kuzgi olmaning juda erta pishishiga olib keldi.  Biroq dehqonlar ularni yig‘ib, darhol sotishga majbur.  Ayni paytda O‘zbekiston supermarketlarida olmaning «Gala» va «Golden Delishez» navlari mavjud.  Shuningdek, bozorda ertagi olmalarning ko‘plab navlari, shuningdek, import qilingan arzon olmalar (jumladan, Polshadan ham) sotilmoqda.

Umumiy jihatdan olib qaraganda, bu O‘zbekistonda ertagi olmaning ulgurji narxlari 2021 yilning shu davriga nisbatan uch barobardan ko‘proq, chakana narx esa o‘rtacha ikki barobar arzon bo‘lishiga olib keladi.

Anomal ob-havo sharoiti ta’sirini hisobga olinsa, fermerlar olmani yana bir necha oy juda arzon narxlarda sotishga majbur bo‘lishlari mumkin, chunki bunday olma yaxshi saqlanmaydi. Biroq, qishda olma narxi keskin ko‘tarilishi mumkin, chunki mahalliy olma zaxiralari yetarli bo‘lmasligi aniq, deyiladi tahlilda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring