Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2020 yil boshidan buyon dengiz orqali yuk tashish narxi 7 barobar oshdi

2020 yil boshidan buyon dengiz orqali yuk tashish narxi 7 barobar oshdi

Yuk tashish narxi 2020 yil boshiga nisbatan 7 barobar, yetkazib berish muddati esa to‘rt-olti barobar oshgan. Bundan tashqari, pandemiya boshlanganidan so‘ng dunyoning yirik transport kompaniyalari kemalar turib qolishi, ish tartibining buzilishi va yuklarni yetkazib berishning kechikishi holatlarini qayd etdi. Bu munosabat bilan yuk egalari muqobil yo‘nalishlarga o‘tishga harakat qilar edi. Shu jumladan, Uzoq Sharq portlari orqali.

Yuzaga kelgan vaziyat, tabiiyki, O‘zbekistonning dengizga chiqadigan o‘z yo‘li yo‘qligi bilan bog‘liq muammolarni sezilarli darajada murakkablashtirdi. Yuk tashish narxlarining oshishi hamda tovar va xomashyolarni yetkazib berish muddatlarining uzayishi mamlakatning deyarli barcha sohalariga ta’sir ko‘rsatdi, lekin iste’molchiga eng ko‘p ta’sir qilgani – avtomobilsozlik sohasi bo‘ldi.

«O‘zavtosanoat» matbuot xizmati xabar berishicha, agar 2019 yilda avtomobil uskunalarining konteyner orqali yetkazib berilishini kutish muddati 30-40 kun oralig‘ini tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda Janubiy Koreya, Xitoy va Rossiyadagi dengiz portlari yuklamasining ortib ketishi oqibatida ushbu muddat 6 oygacha cho‘zilmoqda va shu bilan birga nimanidir oldindan aytish yoki prognozlash imkoniyati mavjud emas. Boshqacha aytganda, xuddi shu tanqis yarimo‘tkazgichlar endi noma’lum muddatga kechikib ham kelmoqda. Qolaversa, bu tariflarda ham aks etdi: agar 2020 yilda bir konteynerni Koreyadan O‘zbekistonga olib kelishning o‘rtacha narxi 4,5 ming dollarni tashkil etgan bo‘lsa, bugun u 14 ming dollarga yetdi.

To‘rtinchi chorak boshidan dunyoning eng yirik portlari konteyner aylanmasi sekinlasha boshlaganiga qaramay, konteyner orqali yuk tashish sohasidagi xizmatlar tanqisligi inqirozi to‘xtagani yo‘q. Yirik portlarda yuk kemalarining uzun navbatlari to‘planib, yetkazib berish zanjirlarini uzmoqda. Ishlab chiqaruvchi va reteylerlar narxlarning o‘sishi va tovarlar tanqisligidan ogohlantirmoqda. Ba’zi yirik kompaniyalar esa hatto qoplarda yuk tashishga o‘tishmoqda.

Logistik aloqalar izdan chiqishining dastlabki belgilari 2020 yilning ikkinchi yarmidayoq, jahon iqtisodiyoti pandemiya sababli yuzaga kelgan o‘tkir inqiroz bosqichidan chiqa boshlagan vaqtda ko‘zga tashlandi. Ekspertlar ushbu noxushliklarning asl sababi sifatida AQShda aholi va biznesning davlat tomonidan mislsiz darajada moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishi sharoitida iste’molchilar talablarining ortib ketishini ko‘rsatishmoqda.

Ichki taklif bilan ta’minlanmagan talab importning keskin oshishi ko‘rinishida aks-sado berdi. Bu o‘z navbatida, avvalo, Xitoy va AQShdan konteyner orqali yuk tashishning birdaniga ortib ketishiga sabab bo‘ldi.

Dengizda konteyner orqali yuk tashish sohasi pandemiyagacha ham zahira quvvatlarisiz ishlar edi va xalqaro yuk tashishga bo‘lgan ehtiyojning ortishi fraxtlar narxining ko‘tarilishini keltirib chiqardi – kemada yuk tashish kompaniyalari xizmatlarining narxi 7 marotabadan ko‘proqqa oshdi. Bundan tashqari, eksportni kengaytirish orqali xitoyliklar importni qisqartirdi, oqibatda AQShda ko‘p miqdorda yuk tashuvchilarga qaytarish foydasiz bo‘lgan bo‘sh konteynerlar yig‘ilib qoldi, bu esa bo‘sh konteynerlar ijarasi narxlarining haddan tashqari ko‘tarilib ketishiga sabab bo‘ldi.

Osiyo-Amerika yo‘nalishida yuklar transportirovkasi narxining qimmatlashishi hamda konteynerlar tanqisligi oqibatida konteyner tashuvchilar va erkin konteynerlar boshqa yo‘nalishlardan keta boshladi, buning natijasida inqiroz asta-sekinlik bilan butun dunyodagi logistik zanjirlar bo‘ylab tarqalib, tovarlar harakatlanishini sekinlashtirdi.

Dengiz orqali yuk tashishning qimmatligi Xitoydan Yevropaga qatnovchi transport oqimini Rossiya transport infrastrukturasiga yo‘naltirdi. Oqibatda, Rossiyada ko‘proq foyda keltiruvchi tranzit yuk tashish boshqa davlatlarga (xususan, O‘zbekistonga ham) xizmat ko‘rsatishni ikkinchi planga surib qo‘ydi va bu Uzoq Sharq porti orqali xomashyo va tovarlarni yetkazib berish bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqardi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring