Donald Tramp bugun tibbiy ko‘rikdan o‘tadi: yaxshi va yomon «xabarlar» (infografika)
Donald Tramp 12-yanvar kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tadi, bu uning uchun AQSh prezidentlik kursisiga o‘tirganidan beri ilk umumiy tekshiruvdir. Trampning tibbiy ko‘rigi natijalarini Qo‘shma Shtatlarda ham, Amerika tashqarisida ham betoqatlik bilan kutishmoqda.
BBCning Vashingtondagi muxbiri Ouen Amosning xabar qilishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Betesda (Merilend shtati)dagi Uolter Rid tibbiy markaziga shifokor uchun yaxshi va yomon «xabarlar» bilan keladi.
Yaxshisidan boshlaymiz
Donald Tramp spirtli ichimliklar iste’mol qilmaydi, o‘zining aytishicha, hech qachon ichmagan. Bunga ichkilikka mukkasidan ketgan va 43 yoshida olamdan o‘tgan akasi Fred «sababchi».
Yana bir yaxshi xabar: Donald Tramp chekmaydi. «Kashandalarni kuzataman. Bu dahshat», — degandi u 2015-yili.
Endi — yomon xabarlar
Trampning sobiq yordamchilari Kori Levandovski va Devid Bossi tomonidan yaqinda chop etilgan «Tramp Tramp bo‘la qolsin» kitobida Tramp prezidentlik kampaniyasi chog‘i tanovul qilgan ovqatlarni shartli ravishda to‘rt asosiy guruhga bo‘lish mumkinligi aytiladi:
- «Makdonalds»dan keltirilgan ovqatlar
- KFC dan keltirilgan ovqatlar
- pitssa
- diyetik «Koka-kola»
Kitob mualliflarining aytishlaricha, Tramp tushlikda birvarakayiga ikkita Big Mak, ikki porsiya File-o-Fish yeb, ustidan shokoladli milksheyk ichadi. Bu 2430 kaloriya. Erkaklar uchun tavsiya qilingan me’yor — kuniga 2500 kaloriya.
Aftidan, Tramp jismoniy mashqlarning samaradorligi va zarurligiga ishonmaydi. Ha, u golf o‘ynaydi, biroq maydonda harakatlanish uchun golf-kardan foydalanadi.
Manbalardan birining tasdiqlashicha, Trampning nazariyasiga ko‘ra, inson organizmi muayyan quvvat zaxirasi to‘plangan batareyaga o‘xshaydi, jismoniy mashqlar bu zaxirani quritadi, xolos.
Bir qarashda, shkafi kartoshka chipslari-yu «Vienna Fingers» va «Oreos» pechenelari bilan liq to‘la inson bo‘lishiga qaramasdan, Tramp anchagina mustahkam sog‘liqqa ega.
2016-yilning sentyabrida — saylovga ikki oy qolganida u o‘zining «otdek baquvvatligi» haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilgandi.
Bu ma’lumotlarga ko‘ra, uning qonidagi xolesterin miqdori me’yorida — detsilitrga 169 milligramm. Aslida xolesterin miqdori 200 mg/dl.dan oshmasligi tavsiya etiladi. Trampda «yaxshi» va «yomon» xolesterin nisbati ham me’yorida ekan.
Prezidentlikka nomzodning arterial qon bosimi ham «ideal»ga yaqin — 116/70. Jigar va qalqonsimon bezida ham shifokor nuqson ko‘rmagandi. Kolonoskopiya chog‘i ichaklarida hech qanday kasallik alomatlari topilmadi.
Trampni tekshirgan shifokor Garold Bornshteyn o‘z xulosasida mijozining «ajoyib jismoniy salomatlik»ka ega ekanini yozgandi.
Biroq Tramp rostdan ham ajoyib jismoniy sog‘lom ekanidan londonlik shifokor Sara Kayat gumonsiramoqda. Uning so‘zlariga qaraganda, Trampning ovqatlanish tartibi dahshatli va tashvish uyg‘otadi.
Gap nafaqat uning juda yog‘li va sho‘r ovqatlar iste’mol qilishi haqida ketyapti, bu ham yetmaganidek, u meva va sabzavotlar nimaligini bilmaydi — chunki u boshqa ovqatlarga o‘ta mukkasidan ketgan.
«Gap nafaqat uning juda yog‘li va sho‘r ovqatlar iste’mol qilishi haqida ketyapti, bu ham yetmaganidek, u meva va sabzavotlar nimaligini bilmaydi — chunki u boshqa ovqatlarga o‘ta mukkasidan ketgan», — deydi Kayat.
«Meva va sabzavotlarni juda oz iste’mol qilish va aksincha, to‘yingan yog‘ kislotalariga boy ovqatlarni muntazam tanovul qilish oqibatda yurak, saraton va diabet kasalliklarining rivojlanishiga zamin tayyorlaydi», — ta’kidlaydi Sara Kayat.
Uning so‘zlashicha, tamaki chekmasligi va alkogol ichimliklardan uzoq yurishi albatta Trampning sog‘lig‘ini kafolatlaydi, biroq salomatlikni ushlab turish uchun jismoniy mashqlar ham zarur.
«Albatta, sog‘ bo‘lish uchun alkogol va tamakidan voz kechishning o‘zi kifoya emas. Jismoniy faollikning yo‘qligi yurak-qon tomir tizimi kasalliklari rivojlanishi uchun deyarli tamaki chekkanchalik ta’sir ko‘rsatadi. Yurak xastaliklari rivojlanishi ehtimoli jismoniy sust odamlarda jismoniy faol odamlarnikidan ikki karra yuqori», — deydi Kayat.
Demak, inson organizmi muayyan quvvat zaxirasiga ega batareyaga o‘xshamas ekanda?
«To‘g‘ri, o‘ta jismoniy yuklamalar ham bo‘g‘inlarda og‘riq qo‘zg‘atadi. Biz ekstremal jismoniy yuklamalarni tavsiya qilmayapmiz. Biroq haftasiga besh kun 30 daqiqadan badantarbiya salomatlikni saqlashga faqat yordam beradi», — deydi Sara Kayat.
Agarda Sara Kayatning qabuliga Tramp tashrif buyurganida, u nima deb maslahat berardi?
«Bilamizki, oziqlanish sifatini yaxshilab, oqilona jismoniy yuklamalarni tartib etsak, ko‘p kasalliklarning yuzaga kelishi ehtimolini pasaytiramiz. Bu ikki omil, xuddi chekishdan voz kechish singari o‘ta muhim», — deydi Sara Kayat.
Oldinroq Trampning ruhan salomatligi haqida ham gumonsirashgandi, biroq tibbiy ko‘rik bu omilni chetlab o‘tadi.
Prezidentning matbuot kotibi, Trampning ruhiy barqarorligi borasida bildirilgan shubhalarga javob berarkan, prezident juda aqlli ekanini ta’kidlagan. Tramp o‘zini o‘zi «Twitter»da «juda barqaror daho», deb atagandi.
AQSh prezidenti o‘z salomatligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor etishga majbur emas. Biroq Trampning mabuot kotibi bildirishicha, prezidentning shaxsiy shifokori Ronni Jekson davlat rahbarining salomatligi haqidagi ma’lumotlarni omma e’tiboriga havola qiladi. Ronni Jekson 2016 yilning mart oyida Barak Obama tibbiy ko‘rigi xulosalarini ham ochiqlagandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter