Majburiy mehnat va obuna, metallolom, soliq, armiyaga pul yig‘ish — yangi jabrdiydalar
Shu paytgacha o‘qituvchi va shifokorlar turli ishlarga, majlislarga, mahallama-mahalla yurishlarga, metallolom va pul yig‘ishlarga jalb etilardi. Endi ularning o‘rniga yangi jabrdiydalar topilibdi.
Viloyatlarda mahalla raislari har oyda kamida 3-4 martadan soliq va kommunal to‘lovlar, bir oylik armiyaga pul undirish, metallolom yig‘ish kabi ishlarga, majburiy mehnatga jalb qilinmoqda.
Bu haqda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi boshqaruvi raisi Shavkat Javlonov 6 oylik hisobotida aytib o‘tgan.
Bunday ishlar, ayniqsa, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Jizzax, Toshkent, Xorazm, Samarqand viloyatlarida avj olmoqda. Misol uchun, Andijon, Xo‘jaobod tumanlarida joriy yil yanvarda 3 marta, Xorazm viloyatida fevralda barcha tuman (shahar)larda mahalla raislari 3 marta turli yig‘ilishlarga jalb qilingan.
«Jumladan, Xazorasp tuman hokimligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishga birgina «Tuproqqal’a» mahallasi faollari 30 km.dan kelib-ketishlariga 16 ming so‘m, Gurlanda esa «Do‘stlik» mahallasi faollari 25 km.dan kelib-ketishlariga 20 ming so‘m, Xonqa tumanida «Nurobod» mahallasi faollari 22 km.dan kelib-ketishlariga 18 ming so‘m sarflashmoqda», degan Javlonov.
Mahalla kengashi raisi so‘zlariga ko‘ra, zz vazifasidan tashqari ishlarga jalb qilish holatlari juda ko‘p kuzatilgan.
- 20-iyul kuni Quyichirchiq tumanidagi mahalla raislari o‘qishga jo‘natilmasdan obodonlashtirish ishlariga jalb qilingan.
- Toshkent tumanidagi mahalla raislari o‘z yonidan yo‘l haqqi va tushlik uchun har kuni 50 ming so‘m sarflab, viloyat prokuraturasi va Ichki ishlar boshqarmasi binosi oldida ikki hafta obodonlashtirish ishlariga jalb etilgan. Natijada har bitta mahalla raislari o‘z hisobidan 900 ming so‘mdan mablag‘ sarflashgan.
- Andijon viloyati Oltinko‘l, Ulug‘nor, Shahrixon, Toshkent viloyati Quyichirchiq, Parkent, Chinoz tumanlari, Angren, Bekobod, Chirchiq shaharlarida, Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahar va Oltiariq tumanlarida 1 oylik armiya bo‘yicha tushumlarni undirish mahalla raislariga yuklatilgan.
- Jizzax viloyati Baxmal, Do‘stlik, Zarbdor, Zafarobod, Paxtakor, G‘allaorol, Forish, Yangiobod tumanlari va Jizzax shahrida 6 mlrd. 497 mln. so‘m 1 oylik armiyaga chaqirilgan fuqarolarning to‘lovlarini undirish rejasi mahalla xodimlari zimmasiga yuklatilgan.
- Farg‘ona viloyati Marg‘ilon, Quvasoy shaharlari, Yozyovon, Andijon viloyati Ulug‘nor, Shahrixon, Oltinko‘l, Toshkent viloyati Chinoz tumanlarida yillik har bir fuqarolar yig‘iniga 3-6 mln. so‘mdan Majburiy ijro byurosi tomonidan kommunal to‘lovlarni aholidan yig‘ish vazifasi mahalla xodimlari zimmasiga yuklatilgan.
- Toshkent viloyati Parkent, Chinoz tumanlarida bir yilda har bir mahallaga – 3 tonnadan, Andijon viloyati Jalaquduq, Oltinko‘l tumanlarida – o‘rtacha 3-3,5 tonnadan, Namanganda barcha tuman va shaharlarida – o‘rtacha 3-8 tonnagacha, Jizzaxda barcha tuman va shaharlarida o‘rtacha 12 tonnadan, Farg‘onada Marg‘ilon, Quvasoy shaharlari, Farg‘ona, Toshloq tumanlarida – 0,5 - 2 tonnagacha metallolom yig‘ish topshirilgan.
- Mahalla xodimlarini gazetalarga majburiy obuna qildirish holatlari ham avj olgan. Xususan, Chinoz tumanida qariyb 1,5 mln. so‘mga barcha gazetalarga, shu jumladan, partiyalarning gazetalariga mahalla xodimlarini majburiy obuna qildirish odat tusiga aylangan.
Eng achinarlisi, Qibrayda kengash raisining o‘rinbosarlari mahalla xodimlarini o‘zlari obodonlashtirish ishlariga jalb etmoqda.
Davlat rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan o‘quvlarda Namangan shahrida mahalla raislari darsdan so‘ng shahar hokimining o‘rinbosari tomonidan joriy yilning 12-iyun kuni soat 20:30dan 23:30gacha hokimiyat binosida yig‘ilish o‘tkazilgan.
Unda 102 ta mahalla raisi 1 oylik armiya va fitr sadaqa pullarini tushirmaganliklari uchun qattiq tanqid qilingan (yig‘ilishda “Ma’naviy” MFYning yangi saylangan raisi «namuna» tariqasida pullarini tushira olmasa ishdan olib tashlash bilan qo‘rqitilgan).
«Buning natijasida mahalla raislarining o‘z ishlariga bo‘lgan norozilik kayfiyatida bo‘lish holatlari kuzatilgan. Lekin, bu holatlarni hududiy kengashlarning mas’ul xodimlari aytmaydi, biz o‘zimiz mahalla xodimlaridan eshitamiz. Nega yashiramiz? Kimga foyda bu yashirishdan? Aksincha, mahalla manfaatlarini himoya qilmaymizmi? Baraka topgurlar, mahalla xodimlarining xizmat vazifalariga xos bo‘lmagan bunday topshiriqlar ijrosini ta’minlash qanday holatlarga olib kelishini o‘ylab ko‘rdingizmi?», deb kuyungan Javlonov.
Kengash raisining eslatishicha, mahalla xodimlari hozirgi kunda bor-yo‘g‘i 1 mln. 250 ming so‘m oylik oladi.
Prezidentning 2019-yil 2-aprelda tasdiqlangan farmonida MFY xodimlarini faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli bo‘lmagan vazifalarni yuklash qat’iyan taqiqlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter