Yana bir jurnalist IIB xodimlari bosimiga uchradi
Farg‘onada jurnalist Sharifa Madrahimovaning mahalliy hokimlik va IIB xodimi bosimiga uchragani bilan bog‘liq voqelik hali sovib ulgurmay, «Human.uz» sayti rahbari Xurshid Daliyev xuddi shunday muammoga duch keldi.
Aytilishicha, joriy yilning 27 aprel kuni Xurshid Daliyev tadbirkorning intensiv bog‘i atrofiga o‘rnatilgan to‘siq sud qarorisiz, mutasaddilar buyrug‘i bilan buzilayotgani haqidagi murojaatni o‘rganish uchun Toshkent tumaniga borgan. Va o‘sha yerda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan bosim, faoliyatiga ta’sir o‘tkazish uchun sun’iy to‘siq qo‘yish kabi holatlarga duch keladi.
Sayt e’lon qilgan videolavhada aks etishicha, avvaliga fuqaro kiyimidagi IIB xodimi «nega tasvirga olyapsan?» deya biroz dag‘dag‘a bilan kameraga qo‘l yugurtiradi, biroq vaziyat uni o‘chirtirishgacha borib yetmaydi. Biroq jurnalist va IIB xodimi o‘rtasida madaniyat me’yorlariga ko‘pam to‘g‘ri kelmaydigan asabiy muloqot davom etadi. Ayni holat davlat raqami 01 398 VSG bo‘lgan oq «Lasetti» avtomashinasi yonida bir necha shaxslar ko‘z o‘ngida yuz berib, ular tuman prokurori, IIB boshlig‘i va DSI rahbari ekani aytiladi.
Eng qizig‘i, mas’ullar bunga parvoyam qilishmaydi...
«Tomosha»ning kattasi sal keyinroq yuz beradi.
Qayerdandir yetib kelgan YHX xodimlari (uch nafar!) jurnalistning hujjatlarini tekshirishga tushadi. Tasvirlardan ularni jurnalistga tegishli avtomashinaning «stikeri» bor-yo‘qligi, uning haqiqiy yoki soxta ekaniga astoydil qiziqishganini ilg‘ash qiyin emas. Eng qizig‘i, hujjatlarda kamchilik yo‘qligiga qaramay, YHX xodimlari (hujjatlarni) qaytarishga shoshmaydi. Inspektor va jurnalist o‘rtasidagi suhbatdan esa xodim rahbari iznisiz hujjatlarni qaytarib berolmasligini beixtiyor aytib qo‘yadi. Inspektorning gapida ular boshlig‘ining amriga muvofiq yetib kelib, hujjatlarni tekshirish bahonasida jurnalistni ipsiz bog‘lab turgani anglashiladi...
Alohida ta’kidlash shart, bu jarayonda gap tadbirkorning muammosi haqida ketmayapti. Balki uning murojaatini vakolati doirasida o‘rganayotgan jurnalist faoliyatiga qo‘yilayotgan to‘siqlar xususida bormoqda. To‘siqlar esa, ispektorning beixtiyor «gullab qo‘ygani»dan o‘sha yerdagi sektor rahbar(lar)i «fatvo»si bilan amalga oshirilganiga shubha qoldirmaydi. IIB xodimining kameriga qo‘l yugurtirib, so‘ng bemalol dag‘dag‘ada ohangida gapirishining «quvvati» ham shunga bog‘liq bo‘lsa, ajabmas!
Bugungi oson bo‘lmagan sharoitda IIB xodimlariga bir og‘iz gap qaytarish 15 sutka bilan «siylanayotgan» paytda mazkur tizim xodimlarining madaniyat chegarasidan ochiqdan ochiq chetga chiqib, jurnalist faoliyatiga to‘siq qo‘yishga urinish shundog‘icha qolib ketmasligi kerak. Zero, kuni kecha Prezidentimiz huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xizmatlarini e’tirof etgan holda ulardan odamlar bilan muloqotda madaniyatli bo‘lishni talab qilgani bejiz emas. Bu tizim xodimlarining muomala madaniyatida jiddiy muammolar borligini ko‘rsatadi. Buning inkor etib bo‘lmas isbotiga jurnalist bilan yuz bergan holatda yana bir guvoh bo‘lish mumkin.
Yuqorida eslatganimiz – farg‘onalik jurnalist bilan bog‘liq voqelikda prokuratura darhol surishtiruv ishlarini boshlab, nainki OAV xodimlari, balki keng jamoatchilikning haqli e’tirofiga sazovor bo‘lgan edi. Jurnalist Xurshid Daliyev bilan yuz bergan holatda ham ayni mahkama shunday faollik ko‘rsatishiga ishonchdan ko‘ra umid ko‘proq. Negaki, ayni voqelikda Toshkent tumani prokurori bevosita bo‘lmasayam bilvosita ishtirokchiga aylangan. Bunday holatda xolislik tamoyiliga putur yetishi ehtimoldan holi emasday. Shunga qaramay, shubhalarimizni OAV xodimlarining huquqlari himoyasi alohida nazoratda ekanini ta’kidlagan Bosh prokuratura parchalab tashlashiga ishongimiz kelyapti baribir.
Darvoqe, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov ham mazkur holatga munosabat bildirib, agentlik o‘z vakolati doirasida ushbu ishni o‘rganish va qonun doirasida tegishli chora ko‘rish yuzasidan Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligiga yozma so‘rov yuborganini ma’lum qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter