«Yakkabog‘ voqeasi» qahramonlarining ishi sudga chiqdi
Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tomonidan B.Isamovga nisbatan JKning 25,97-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan dastlabki tergov harakatlari tamomlandi.
Bu haqda «Xabar.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga, 20.07.2019-yilda B.Isamov Yakkabog‘ tumanidagi «Eski Yakkabog‘» qo‘rg‘oni ko‘chalarida obodonlashtirish va qurilish ishlari jarayonida tuman hokimining o‘rinbosari M.Tuymayevning yuz qismiga benzin sepib, uni yoqib yuborganlik holati yuzasidan to‘plangan hujjatlar asos bo‘lgan.
B.Isamov JKning 25, 97-moddasi 2-qismi «g,l» bandlari bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, sudning ajrimiga asosan ehtiyot chorasi sifatida «qamoq» qo‘llanilgan.
Tergov davomida o‘tkazilgan sud psixologiya ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, ayblanuvchi B.Isamov mazkur jinoyatni sodir qilgan vaqtida kuchli ruhiy hayajonlanish holatida bo‘lgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, ayblanuvchi B.Isamovga nisbatan e’lon qilingan ayblov JKning 25, 98-moddasiga qayta malakalanib, qo‘llanilgan «qamoq» ehtiyot chorasi, «garov» ehtiyot chorasiga o‘zgartirilgan.
Bundan tashqari, tergov davomida Yakkabog‘ tumani xokimining o‘rinbosari M.Tuymayevning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilib, unga nisbatan JKning 192-1-moddasi 3-qismi «a» bandi va 206-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan ayblov e’lon qilingan hamda munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi «tilxat» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Jinoyat ishi 30.08.2019-yilda ayblov xulosasi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumani sudiga yuborildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter