Prezident yer uchastkalarini xususiylashtirish haqidagi qonunni imzoladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-avgust kuni "Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida"gi qonunni imzolagan.
Qonunga ko‘ra, yer uchastkalarini xususiylashtirish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
- doimiy foydalanish (egalik qilish) yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqlari asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sotib olish;
- yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotish.
O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan jismoniy shaxslar va O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar yer uchastkalarini xususiylashtirishi mumkin.
Quyidagi yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi:
- xususiylashtirilmaydigan foydali qazilmalar konlari, davlat mulkidagi strategik ob’yektlar joylashgan yer uchastkalari;
- rejalashtirish sxemalari bo‘lmagan hududlarda joylashgan yer uchastkalari;
- tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari;
- o‘rmon va suv fondlarining, shaharlar va shaharchalarning umumiy foydalanishdagi yerlari (maydonlar, ko‘chalar, tor ko‘chalar, yo‘llar, sohil bo‘ylari, skverlar, xiyobonlar);
- xavfli moddalar bilan zararlangan va biogen zaharlanishga duchor bo‘lgan yer uchastkalari;
- erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga berilgan yer uchastkalari.
Qonunga muvofiq, ko‘chmas mulk ob’yektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish haqidagi ariza yer uchastkasi joylashgan tuman (shahar) hokimining nomiga davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali beriladi.
Mazkur ariza Yer uchastkalarini berish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya tomonidan 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Komissiyaning xulosasi hokimning yer uchastkalarini xususiylashtirish yoki ularni xususiylashtirishni rad etish haqidagi tegishli qarorini qabul qilish uchun asos bo‘ladi.
Yer uchastkalarini xususiylashtirishni rad etish haqidagi qaror komissiyaning salbiy xulosasi tuzilgan kunda qabul qilinadi va ushbu qaror ustidan ma’muriy sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Xususiylashtirish to‘g‘risidagi qaror xususiylashtiriladigan yer uchastkasi uchun tegishli to‘lov amalga oshirilganidan so‘ng 3 ish kuni ichida qabul qilinadi.
Qonun 2020-yil 1-martdan kuchga kiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter