Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalqaro qidiruvga berilgan o‘zbekistonliklar soni ma’lum qilindi

Xalqaro qidiruvga berilgan o‘zbekistonliklar soni ma’lum qilindi

Foto: AOKA matbuot xizmati

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Ichki ishlar organlarida xalqaro hamkorlikni tashkil etish faoliyati va Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi milliy markaziy Byurosi» mavzusidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari va boshqa xorijiy davlatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamda maxsus xizmatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish mutlaqo yangicha yondashuv asosida olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Belarus va Turkiya Respublikalari bilan Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasida ikki tomonlama muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlar tashkil etilib, uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, narkotik moddalarning noqonuniy savdosi, noqonuniy migratsiya, odam savdosi sohalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilish va tezkor ma’lumot almashish uchun keng imkoniyat yaratilgani ta’kidlandi.

Aynan ushbu formatdagi hamkorlik natijasida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tildi.

«Xalqaro hamkorlik natijasida 2017-2019-yillarda 1 ming 402 nafar qidiruvdagi shaxs ushlangan, — dedi Interpol Milliy markaziy byurosi, axborotlarga tezkor ishlov berish va muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Olimxon Ergashev. — Ular, asosan, firibgarlik, o‘g‘rilik, bosqinchilik jinoyatlarida gumonlangan. Joriy yilning 11 oyida turli jinoyatlarni sodir etgani uchun respublika huquqni muhofoza qiluvchi organlari tomonidan qidirilayotgan 588 nafar shaxs xorijiy davlatlarda qo‘lga olingan».

Foto: AOKA matbuot xizmati

Jurnalistlar savollariga javob qaytarar ekan, mutasaddilar aniq statistik ma’lumotlarni taqdim etdi.

«Ayni vaqtda 1 ming 700 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi xalqaro qidiruvga berilgan hamda ularning ko‘pchilik qismi terrorizm, odam savdosi kabi og‘ir jinoyatlarda ayblanmoqda, — dedi Olimxon Ergashev. — Shu bilan bir qatorda, O‘zbekistonga ham xalqaro qidiruvdagi chet el fuqarolari kirib keladi. 2 yil davomida 27 nafar xorij fuqarolari shu yerda ushlandi. Ular Janubiy Koreya, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Ukraina va Turkiya fuqarolari bo‘lib, 90 foizi firibgarlik bilan gumonlangan».

OAV vakillari bilan muloqot davomida qidiruvdagi shaxslar xorijiy davlatlardan qanday tartibda ushlab olib kelinishi to‘g‘risida savol berildi.

«Interpol Milliy markaziy byurosi tomonidan xalqaro qidiruvga e’lon qilingan shaxslar xorijiy davlatlarda qo‘lgan olinsa, o‘sha davlatning Interpol Milliy markaziy byurosi Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosiga xabar beradi va o‘zaro ikki davlatning kelishuviga muvofiq O‘zbekistonga deportatsiya yoki ekstraditsiya qilinadi», — deya aniqlik kiritdi Olimxon Ergashev.

Matbuot anjumanida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi va Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar bilan ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga alohida urg‘u berilayotgani, ushbu tashkilotlar doirasida tashkil etilgan deyarli barcha tezkor qidiruv va profilaktik tadbirlarda vazirlik xodimlari faol ishtirok etib kelayotgani qayd etildi.

IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda respublikamiz so‘nggi 20 yilda ilk marotaba MDH ishtirokchi-davlatlari Ichki ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishiga mezbonlik qilgan. Mazkur nufuzli tadbirda jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurash borasida bir qator muhim kelishuvlarga erishilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring