Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Xabeas korpus» instituti: inson huquqlarini kafolatli himoya qilishda muhim o‘rin tutadi

«Xabeas korpus» instituti: inson huquqlarini kafolatli himoya qilishda muhim o‘rin tutadi

Mamlakatimizda insonning huquqlari va erkinliklari kafolatli himoyasi haqida gap ketganda, so‘nggi yillarda jinoyat ishini qo‘shimcha tergovga qaytarish instituti bekor qilingani, qamoq tarzidagi jinoiy jazo turi tugatilib, uning o‘rniga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoning muqobil turlarini qo‘llash imkoniyati kengaytirilgani, shuningdek, dalillarga baho berish instituti tubdan takomillashtirilgani amalda kutilgan natijalarni berayotganini alohida ta’kidlash joiz.

Bu xalqaro darajada e’tirof etilgan institutlarning amalga muvaffaqiyatli joriy etilishini sudlar tomonidan oqlov hukmlari chiqarish ko‘paygani misolida ham ko‘rish mumkin. Masalan, 2007–2015 yillarda sudlar tomonidan 688 354 nafar shaxsga nisbatan 498 730 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, atigi 110 nafar shaxs oqlangan bo‘lsa, 2016–2022 yillarda 418 992 nafar shaxsga nisbatan 322 531 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan va shundan 4 764 nafar shaxs oqlangan.

Bugungi kunda milliy amaliyotimizda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan institutlardan yana bir «Xabeas korpus» institutidir.

Bu savollarga javoban shuni qayd etish joizki, «Xabeas korpus» atamasi lotin tilidan olingan bo‘lib, «tanani sudga keltirish» degan ma’noni bildiradi. Aniqroq aytganda, jinoiy ta’qibga uchragan fuqaroning adolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquqini anglatadi. Qiziq tomoni shundaki, ushbu institutning paydo bo‘lishi olis tarixga borib taqaladi.

Dastlab ushbu institut XII asrdan Angliyada qo‘llanila boshlagan. XIV asrda esa, Eduard I qirolligi davrida ushbu amaliyot milliy urf-odatga aylangan. Mazkur urf-odat o‘z navbatida, inson huquqlari masalasi normativ hujjat ko‘rinishini ola boshlagan davrda, aniqroq aytganda, Angliyada 1679 yil 26 may kuni qabul qilingan «Fuqaro erkinligini yanada yaxshiroq ta’minlash va dengizdan tashqari hududlarda asossiz hibsga olishning oldini olish to‘g‘risida»gi qonun yoki «Habeas Sorpus Act»da  o‘zining ifodasini topdi.

Shundan buyon ushbu institut dunyodagi aksariyat davlatlar qonunchiligida o‘z ifodasini topib kelmoqda.

Mamlakatimizda ushbu institut 2008 yildan buyon joriy etila boshlagan. Aniqrog‘i, buni 2008 yil 1 yanvardan boshlab jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarni qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi sudlar vakolatiga o‘tkazilgani, 2012 yildan esa, prokuror va tergovchi tomonidan qo‘llanib kelingan ayblanuvchini lavozimidan chetlatish va shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralarini faqat sudyaning sanksiyasi asosida amalga oshirish tartibi belgilangani misolida ko‘rish mumkin.

E’tibor tomoni shundaki, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 27-moddasida «Xabeas korpus» institutining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari belgilab qo‘yildi. Xususan:

— hech kimning qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas;

— hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra, yo‘l qo‘yiladi;

— shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas.

Demak, shaxsni ushlab turish, uni qamoqda saqlash yoki ozodligini boshqacha shaklda cheklash faqat qonun talabiga binoan amalga oshirilishi shart.

Yana shuni alohida qayd etish lozimki, shaxsni ushlab turish uchun asoslar mavjud taqdirda ham u 48 soatgacha huquqni muhofaza qiluvchi organning asoslantiruvchi qarori asosida ushlab turilishi mumkin. Mana shu 48 soat ichida shaxsga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash uchun asoslari topilsa, uni ushlab turish uchun sudning qarori chiqarilishi kerak. Aks holda shaxs qo‘yib yuborilishi shart.

Yuqorida qayd etilganlardan ham ko‘rinadiki, «Xabeas korpus» instituti mohiyat-e’tibori bilan har bir insonning huquq va erkinliklarini ta’minlashda o‘ta muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, ushbu institut yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda o‘z ifodasining topishi «Inson qadri» tamoyili davlatimiz siyosatining mohiyatini tashkil etishini yaqqol tasdiqlaydi.

Farxod PRIMOV,
IIV Akademiyasi kafedra boshlig‘i

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring