«Xabar.uz»da yozilganidan so‘ng. «Qo‘lbola ayblov» bekor qilindi, mulk egasiga qaytariladi
O‘tgan yilning adog‘ida xorazmlik Rahimbergan Allaberganov «qo‘bola ayblov»lar bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi natijasida peshonasiga «sudlangan» tamg‘asi urilishidan tashqari bo‘yniga juda ko‘p miqdorda zarar ilingani haqida «Savol hamon ko‘ndalang: oqlash osonmi yoki yoqlash?» sarlavhali maqola e’lon qilingan edi.
Mulk mojarosidan kelib chiqqan nizo aylanib-o‘rgilib, sun’iy ravishda jinoyat ishi qo‘zg‘atishga olib kelgani, tergov jarayonida Hazorasp tumani IIB katta tergovchisi O.Jabbarov vakolatli organning holat bo‘yicha «sud qurilish-texnik ekispertizasi o‘tkazish imkoni yo‘q» ekanini ta’kidlashiga qaramay xususiy xo‘jalik yurituvchi sub’yekt — «Urganch baholash va konstalting» MChJning tasavvurga sig‘mas xulosasi asosida jinoyat ishini amallab sudga chiqargani-yu sudda ham «delo» silliqqina o‘tib ketgani maqolada hayrat bilan tilga olinganidan xabardorsiz.
E’tiborlisi — maqola chop etilganidan ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida (raislik etuvchi — N. Mirzaalimov, sudyalar: S. Mamadaliyeva, A. Allayev) mazkur jinoyat ishi nazorat tartibida ko‘rib chiqib, Allaberganovga nisbatan chiqarilgan JIB (jinoyat ishlari bo‘yicha) Xazorasp tuman sudining ayblov hukmini qonuniy deb topgan JIB Xorazm viloyat sudi ajrimi (2017-yil, 18-iyul) bekor qildi. Shu barobarida jinoyat ishini JIB Xorazm viloyat sudi apellatsiya bosqichida qaytadan ko‘rishga yuborildi.
Kuni kecha Xorazmdan xabar keldi. Ishni qaytadan ko‘rib chiqqan JIB Xorazm viloyat sudi apellatsiya instansiyasi R. Allaberganovni bitta ayblov bo‘yicha oqladi, ikkitasi bo‘yicha javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketgani bois jazo tayinlashni nomaqbul deb topdi.
Muhimi, sudning mazkur ajrimi bilan R. Allaberganovga ilgari ilingan zararlar ham, shu zararni qoplash bo‘yicha xatlangan mulki ham ayblovdan chiqarib tashlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter