Vasiyatnoma faqat mol-mulkka emas, inson taqdiriga ham daxldor
Oramizda hali ota yoki onasining qabri sovumay turib, meros talashadigan, murosaga kelolmay yuzko‘rmas bo‘lib ketadigan aka-ukalar, opa-singillar ham uchrab turadi. Bunday noxushliklar ro‘y bermasligi esa ko‘p jihatdan ota-onaga bog‘liq. Agar ular hayotlik chog‘ida vasiyatnoma yozib qoldirsa, meros masalasida mojaro kelib chiqmaydi.
Qonun nuqtai nazaridan fuqaroning o‘ziga tegishli mol-mulkni yoki bu mol-mulkka nisbatan huquqni vafot etgan taqdirda tasarruf etish xususidagi xohish-irodasi vasiyat deb e’tirof etiladi. Vasiyatnomaning vakil orqali tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. U yozilgan joyi va vaqti ko‘rsatilgan holda yozma shaklda shaxsan tuziladi. Notarial tasdiqlangan va ularga tenglashtirilgan vasiyatnomalar yozma shaklda tuzilgan sanaladi.
Vasiyat qiluvchi fuqarolik salohiyatiga to‘liq ega bo‘lishi, ya’ni o‘z xatti-harakatlarining ahamiyatini tushunishi va ularni boshqara olishi lozim. Shuningdek, vasiyatnoma matni vasiyat qiluvchi tomonidan yozilib, notariusga shaxsan taqdim etilgan yoki uning so‘zlaridan notarius yozib olgan bo‘lishi kerak. Notarius bu hujjatni tasdiqlash chog‘ida vasiyat qiluvchidan uning vasiyat qilinayotgan mol-mulkka bo‘lgan huquqini isbotlovchi hujjatlarni talab qilish huquqiga ega emas.
Yozma vasiyatnoma vasiyat qiluvchining o‘z qo‘li bilan imzolanishi, ismi, familiyasi va otasining ismi to‘liq yozilishi, shuningdek, yozilgan joyi va vaqti ko‘rsatilishi shart. Uni tasdiqlashda vasiyat qiluvchining iltimosiga binoan guvohlar ishtirok etishlari mumkin. Ayni holatda vasiyatnomaning har ikki nusxasiga bu haqda yozib qo‘yiladi.
Vasiyat notarius tomonidan yozib olingan taqdirda vasiyat qiluvchi vasiyatnomani imzolashdan oldin uning matnini notarius oldida to‘liq o‘qib chiqishi lozim. Agar u jismoniy nuqsoni, kasalligi yoki savodsizligi tufayli vasiyatnomani shaxsan o‘qiy olmasa, matnni notarius o‘qib eshittiradi. So‘ngra buni vasiyatnomada qayd etib, vasiyat qiluvchi vasiyatnomani shaxsan o‘qiy olmagani sabablarini ko‘rsatadi. Agar vasiyat qiluvchi jismoniy nuqsoni, kasalligi yoki savodsizligi tufayli vasiyatnomani o‘z qo‘li bilan imzolay olmasa, uning iltimosiga binoan notarius yoki qonunga muvofiq vasiyatnomani tasdiqlaydigan boshqa shaxs hozir bo‘lganida vasiyat qiluvchi o‘z qo‘li bilan imzolay olmaganining sabablarini ko‘rsatgan holda vasiyatnomaga boshqa shaxs imzo qo‘yishi mumkin.
Quyidagilar vasiyat qiluvchining o‘rniga vasiyatnomani imzolashi mumkin emas:
notarius yoki vasiyatnomani tasdiqlovchi boshqa shaxs;
vasiyatnoma kimning foydasiga tuzilgan yoki kimga nisbatan vasiyat majburiyati yuklatilgan bo‘lsa, o‘sha shaxs, uning eri (xotini), bolalari, ota-onasi, nevaralari va chevaralari, shuningdek vasiyat qiluvchining qonun bo‘yicha merosxo‘rlari;
to‘liq muomala layoqatiga ega bo‘lmagan fuqarolar;
savodsizlar va vasiyatnomani o‘qiy olmaydigan boshqa shaxslar;
yolg‘on guvohlik berganlik uchun muqaddam sudlangan shaxslar.
Quyidagi vasiyatnomalar notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtiriladi:
1) shifoxonalar, gospitallar, boshqa statsionar davolash muassasalarida davolanayotgan yoki qariyalar va nogironlar uylarida yashab turgan fuqarolarning ana shu shifoxonalar, gospitallar va boshqa davolash muassasalarining bosh vrachlari, ularning davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari yoki navbatchi vrachlari, shuningdek gospitallarning boshliqlari, qariyalar va nogironlar uylarining direktorlari yoki bosh vrachlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
2) fuqarolarning O‘zbekiston bayrog‘i ostidagi kemalarda suzib yurgan vaqtidagi ana shu kemalarning kapitanlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
3) qidiruv ekspeditsiyalari yoki shu kabi boshqa ekspeditsiyalardagi fuqarolarning ana shu ekspeditsiyalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
4) harbiy xizmatchilarning, notariuslar bo‘lmagan yerlarda joylashgan harbiy qismlarda esa bu qismlarda ishlayotgan harbiy bo‘lmagan fuqarolar, ularning oila a’zolari va harbiy xizmatchilar oila a’zolarining ham harbiy qismlarning komandirlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
5) ozodlikdan mahrum etish joylarida yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslarning tegishli muassasalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
6) notarius bo‘lmagan aholi punktlarida yashayotgan shaxslarning qonunga muvofiq notarial harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari.
Vasiyat qiluvchining xohishi bilan vasiyatnoma notarius tomonidan uning mazmuni bilan tanishib chiqilmasdan ham (maxfiy vasiyatnoma) tasdiqlanadi. Maxfiy vasiyatnomani vasiyat qiluvchi haqiqiy sanalmaslik xavfi ostida o‘z qo‘li bilan yozishi va imzolashi lozim. So‘ngra vasiyatnoma ikki guvoh va notarius ishtirokida xatjildga solinadi va xatjild yelimlanadi. Guvohlar o‘z familiyasi, ismi, otasining ismini va doimiy turarjoyini ko‘rsatgan holda xatjildga qo‘l qo‘yadilar. Guvohlar imzolagan xatjild ularning va notariusning ishtirokida boshqa xatjildga solinadi va bu xatjild ham yelimlanadi, unga notarius tasdiqlash ustxatini yozib qo‘yadi.
Ma’rufjon Oydinov,
huquqshunos
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter