Urgut tumanida sodir bo‘lgan mojaro haqida ma’lumot berildi
2020-yilning 21-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Videodagi holat Samarqand viloyati Urgut tumani mahallasida bo‘lganligi aytilmoqda. Saidova Mahbubani o‘z oila a’zolari tomonidan kaltaklab uydan chiqarib, yubormoqchi bo‘lganligi tasvirlangan holat bo‘yicha izoh kutib qolamiz» nomli videolavha tarqaldi.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, lavhadagi holat Urgut tumanining Mang‘itobod mahallasida 2020 yilning 17 iyun kuni sodir bo‘lgan.
Tasvirda yerda yiqilib yotgan fuqaro S. fuqaro Sh. bilan 2012-yilning noyabr oyida qonuniy nikohdan o‘tib turmush qurishgan, ikki nafar farzandli bo‘lishgan. Lekin, turmushlari davomida o‘zaro kelishmovchilik sababli, dastlab 2016-yilda S. arazlab, shu mahallada yashovchi ota-onasining uyiga ketib qolgan.
2019-yilning avgust oyida Mang‘itobod mahallasi faollari aralashuvi bilan ular o‘zaro yarashtirilib, yana birga yashay boshlashgan. Biroq, oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas, yana o‘zaro kelishmovchilik ularning o‘rtasida nizo keltirib chiqargan. S. farzandlarini olib yana ota-onasining uyiga ketib qolgan. 2020-yilning iyun oyi boshlarida Sh. boshqa ayol bilan shar’iy nikohdan o‘tib, yashay boshlagan.
2020-yilning 17-iyun kuni soat 10:00 larda S. erining boshqa ayolga uylanganligini eshitib, ikki nafar farzandi, onasi I., xolasi G. va yangasi Sh. lar bilan birgalikda sobiq turmush o‘rtog‘i Sh.ning uyga borishgan. Turmush o‘rtog‘i Sh. uning uyga kirishiga qarshilik qilib, nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgan. Natijada o‘zaro janjal kelib chiqqan. Ularni ajratishga bo‘lgan urinishlarga qaramay, janjal davom etgan. Janjal davomida S. uyning derazasi oynasini qo‘li bilan urib sindirishi natijasida, qo‘lidan tan jarohati olgan. Sh. sobiq turmush o‘rtog‘i S.ni ushlab uyidan chiqargan.
2020-yil 22-iyun kuni fuqaro S. Urgut tumani bo‘yicha IIO FMBga ariza bilan murojaat qilib, Sh. uning uyga kirishiga qarshilik qilib, nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilib, urib tan jarohati yetkazganligini bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan Urgut tumani bo‘yicha IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, S.ning olgan tan jarohatini og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
RSTEIAMSF Urgut tuman sud-tibbiy ekspertizasi bo‘linmasining 2020-yil 30-iyun kunidagi xulosasiga ko‘ra, fuqaro S.ning olgan tan jarohatlari YeNGIL SOG‘LIQNING BUZILIShIGA SABAB BO‘LGAN TAN JAROHATLARI guruhiga kirishi ko‘rsatilgan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida, 2020-yil 17-iyun kuni sodir bo‘lgan janjalda fuqaro S.ning o‘zi deraza oynasini qo‘li bilan urishi natijasida tan jarohati olganligi hamda janjal ishtirokchilari bir-birlarini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilganligi o‘z tasdig‘ini topganligi sababli, to‘plangan hujjatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishdan rad etish haqida qaror qabul qilinib, S. va boshqalarning xatti-harakatlarida ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari aniqlanganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 41 va 52-moddalari bilan ma’muriy tartibda ko‘rib chiqish uchun Ma’muriy ishlar bo‘yicha Urgut tuman sudiga yuborilgan.
Ma’muriy ishlar bo‘yicha Urgut tuman sudi tomonidan to‘plangan hujjatlar o‘rganib chiqilib, qo‘shimcha ravishda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borish haqida qaror qabul qilinib tuman prokuraturasiga yuborilgan.
Hozirgi kunda to‘plangan hujjatlar tuman prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida o‘rganilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter