Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tuman soliq inspeksiyasi mansabdori javobgarlikka tortildi

Tuman soliq inspeksiyasi mansabdori javobgarlikka tortildi

Foto: «Xabar.uz»

Qorao‘zak tuman davlat soliq inspeksiyasi mansabdori ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Biznes-ombudsman matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bizga berilgan ma’lumotga ko‘ra, bugungi pandemiya sharoitida tadbirkorlarga bir qator qulayliklar yaratilganiga qaramay, DSI mansabdori bunga teskari xatti-harakatlar sodir etgan.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi farmoni (PF-5969-son)ga muvofiq tadbirkorlarga bir qator imtiyoz va preferensiyalar berildi, jumladan, 2020-yil 1-oktyabrgacha bo‘lgan davrda soliq organlari vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha penyalar hisoblanishini to‘xtatib turadi, shuningdek, soliq qarzini majburiy undirish choralari ko‘rilmasligi belgilangan.

Biroq, Qorao‘zak tuman davlat soliq inspeksiyasi vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan «TITAN CEMENT» MChJning mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan jami 1 153 514 745,39 so‘mlik qarzdorlikni undirish bo‘yicha jamiyatning bank hisob-raqamiga inkasso topshiriqnomalari qo‘yib, majburiy undirish uchun choralari ko‘rilgan.

Biznes-ombudsman devoni aralashuvi bilan tadbirkorning hisob-raqamiga qo‘yilgan inkasso topshiriqnomalari olinishi ta’minlandi hamda ushbu qonunbuzilishga yo‘l qo‘ygan Qorao‘zak tuman DSI xodimiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Natijada tuman ma’muriy sudning qarori bilan Qorao‘zak tuman DSIning mansabdori ma’muriy jarima jazosiga tortildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring