«Tropikamid». Nega unga talab oshmoqda?
Shahrimiz ko‘chalarida, dorixona atroflarida «Tropikamid 10 mg/ml» nomli ko‘z tomchi dorisining bo‘sh idishlariga ko‘zingiz tushgan bo‘lishi kerak. Xo‘sh, nega keyingi vaqtlarda ushbu dori vositasiga bo‘lgan talab oshmoqda? Ushbu dori vositasidan haqiqatdan ham ko‘z kasalliklari uchun foydalanilayaptimi?
Afsuski yo‘q. Tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi tropikamid moddasi bo‘lgan ushbu dori vositasidan ko‘ngilxushlik maqsadida foydalanilmoqda. Ayniqsa, yoshlar orasida bu illatning ko‘paygani achinarli xolat.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, «Tropikamid»ni surunkali iste’mol qilish sanoqli haftalar ichida doriga qutulish qiyin bo‘lgan ruhiy qaramlikni keltirib chiqaradi. Xotira juda tez sustlashadi. Kayfiyat juda tushkun bo‘lib qoladi, bemorlar ilojsizlik hissidan aziyat cheka boshlaydi.
Ma’lumki, 2019 yil 27 sentyabrdaO‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risida» 818-son qarori qabul qilingan edi. Mazkur qaror bilan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxati tasdiqlandi. Ushbu ro‘yxatda Tropikamid nomli dori vositasi ham kiritilgan bo‘lib, chakana realizatsiya (sotish) faqat giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni saqlash va sotish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan dorixonalar va ijtimoiy dorixonalar orqali amalga oshirilishi belgilandi.
Shunday bo‘lsada, ushbu dori vositasiga bugun «qora bozor»da talab kundan kun oshib bormoqda.
Birgina Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan respublika xududiga noqonuniy ravishda olib kirilayotgan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini qonunga xilof muomalasiga chek qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar davomida o‘tgan davr mobaynida 14318 dona «Tropikamid»ning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.
Barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi.
Shunday ekan, bugun ushbu illatga qarshi kurashish har birimizdan mas’uliyat va hushyorlikni talab etadi. Ogoh bo‘ling ota-onalar! O‘z farzandingizga e’tiborli bo‘ling!
Manba: customs.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter