Toshkentda vafot etgan italiyalik aktyor o‘limi tafsilotlari ma’lum qilindi
Poytaxtning Mirobod tumanidagi ijara xonadonida Italiya fuqarosi — 27 yoshli aktyor Geno Jorjo (Gheno Giorgio)ning jasadi topilganligi haqida xabar berilgan edi.
Xabarlarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi manbasiga tayangan holda, yigitning jasadi topilgani haqida 16 fevral kuni soat 23.00 da Mirobod tumani IIO FMB navbatchilik qismiga Geno Jorjo vaqtinchalik propiska asosida istiqomat qilgan xonadon egasi xabar qilganligi aytilgan. Qayd etilganki, voqea joyini ko‘zdan kechirish davomida kirish eshigi buzilmaganligi, xonalarda buyumlar o‘z joylarida turganligi, marhum zo‘ravonlik bilan o‘ldirilganligining izlari topilmagan. OAVning yozishlaricha, o‘lim sabablari aniqlanmoqda.
Ma’lum qilamizki, hozirgi vaqtda ushbu fakt bo‘yicha Mirobod tumani IIO FMB tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.
Toshkent shahar IIBB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Geno Jorjo sayyoh sifatida Toshkentga joriy yilning 9 fevral kuni yetib kelgan va 10 fevral kuni onlayn-xizmatlar orqali Italiya Elchixonasi vakili orqali Mirobod tumanida 30 kunga ijaraga olgan xonadonida ro‘yxatdan o‘tgan.
Geno Jorjo 10 fevral kunidan aloqaga chiqmagach, uning qarindoshlari Elchixonaga murojaat qilganlar. Elchixona vakillari 16 fevral kuni Geno Jorjo istiqomat qilgan xonadonga kelganlarida eshik qo‘ng‘irog‘iga hech kim javob bermaganidan so‘ng xonadon egasi B.F.ni chaqirganlar. Birgalikda xonadonga kirishganida jasad topilgan.
Respublika sud tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filialining ma’lumotnomasiga ko‘ra, Geno Jorjo uning jasadi topilganidan bir necha kun ilgari hayotdan ko‘z yumgan. O‘lim sababini aniqlash maqsadida sud tibiy ekspertiza tayinlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, Geno Jorjo Toshkent shahriga joriy yilning 9 fevral kuni Malayziyadan uchib kelgan.
So‘rov davomida xonadon egasining so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 10 fevral kuni yigit unga mazasi bo‘lmayotganligini aytgan, ammo shundan so‘ng ular aloqaga chiqishmagan.
Qo‘shnilarning aytishlaricha, ular B.F.ning xonadonida kimdir yashashini bilishmagan, chunki na shovqinni va na kimdir kirib-chiqqanini ko‘rmaganlar.
Italiya fuqarosining o‘limi fakti bo‘yicha surishtiruv ishlari davom etmoqda.
Manba: iibb.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter