Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda qimmatbaho olmos, zumrad va qadimiy tilla tangani sotayotgan shaxslar qo‘lga olindi

Toshkentda qimmatbaho olmos, zumrad va qadimiy tilla tangani sotayotgan shaxslar qo‘lga olindi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari qimmatbaho toshlar hamda qadimiy tanga savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruhni fosh etdi, deya xabar qilmoqda qo‘mita matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, Davlat bojxona qo‘mitasi Toshkent shahar bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda yirik miqdordagi qimmatbaho toshlar va qadimiy tilla tangalarni O‘zbekiston hududiga noqonuniy ravishda olib kirish va sotish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan jinoiy guruh fosh etildi.

Tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan 5 nafar fuqaro Chilonzor tumanidagi xonadonlardan birida muqaddam Afg‘onistondan olib kelingan 2 kilogramm 531 gramm og‘irlikdagi zumrad toshlarni 500 ming AQSh dollariga, shuningdek, 8 gramm og‘irlikdagi 1 dona qadimiy tilla tangani 10 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, mazkur holatda noqonuniy oldi-sotdidan to‘xtatib qolingan tilla tanga eramizning III asriga mansub bo‘lib, Kushon davlatida zarb qilingan.

Shuningdek, ushbu shaxslardan birining hamyonida 3 dona olmos tosh borligi ham aniqlandi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Hisob-kitoblarga ko‘ra mazkur holatda olib qo‘yilgan qimmatbaho toshlar va qadimiy tilla tanganing umumiy qiymati jami 16 milliard 818 million so‘mni tashkil qildi.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring