Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Toshkent shahar prokurori» stipendiyasi g‘oliblari  taqdirlandi (foto)

«Toshkent shahar prokurori» stipendiyasi g‘oliblari  taqdirlandi (foto)

Foto: Xabar.uz

So‘nggi vaqtlarda yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash uchun ular bilan ishlashning yangi tizimlari yaratilmoqda. Xususan, talaba-yoshlarni yanada qo‘llab quvvatlash, ularni Vatanga sadoqat va milliy istiqlol g‘oyalari ruhida tarbiyalashga e’tiborni yanada kuchaytirish maqsadida Toshkent davlat yuridik universitet talabalari uchun «Toshkent shahar prokurori» stipendiyasi ta’sis etildi.

Ushbu stipendiya universitetda yoshlarning nazariy bilimlarini huquqni qo‘llash amaliyoti bilan mustahkamlash, prokuror kasbiy fazilatlarini shakillantirish bilan bog‘liq tadbirlar majmuidan iborat tashabbuskor loyiha hisoblanadi.

Toshkent shahar prokuraturasi, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi hamda Toshkent davlat yuridik universitet o‘rtasida «Toshkent shahar prokurori» stipendiyasini ta’sis etish to‘g‘risida imzolangan memorandumga ko‘ra, yuridik universitetining barcha bosqich talabalari o‘rtasida tanlov o‘tkazildi.

«Aytish joizki, 3 bosqichda o‘tkazilgan tanlovda universitetning mingdan ziyod talabalari ishtirok etish istagini bildiridi, — dedi Toshkent davlat yuridik universiteti xodimi Shohrux Ochilov. — Birinchi bosqichda, 900 nafarga yaqin talaba test sinovlarini topshirdi. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 61 nafar talaba ikkinchi bosqichda o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etdi».

Uchinchi bosqichga o‘tgan 14 nafar talabalar og‘zaki suhbatdan o‘tkazildi. Stipendiya g‘oliblarini aniqlashda yoshlarning nazariy bilim va ko‘nikmalarini huquqni qo‘llash amaliyoti bilan mustahkamlash, prokuror kasbiy fazilatlarini shakllantirish bilan bog‘liq qobiliyatlari ham alohida inobatga olindi.

Quyidagi 4 nafar talaba shahar prokurori stipendiyasiga sazovor bo‘ldi:

1-bosqich talabasi — Haydarova Shohida Ahror qizi

2-bosqich talabasi — Ozodov Inoyattulla Alisher o‘g‘li

3-bosqich talabasi — Mirzajonov Abrorbek Akmaljon o‘g‘li

4-bosqich talabasi — Abdurahmonov Komronbek Ulug‘bek o‘g‘li

Bundan tashqari, uchinchi bosqichda faol ishtirok etgan to‘rt nafar talaba: Nazarova Mohlaroyim To‘lqin qizi — “Eng yaxshi taklif egasi”, Yo‘ldosheva Dilafro‘z Sunnat qizi — “Eng yaxshi bilimdon”, Nurimova Dilshoda Qurbon qizi — “Eng yaxshi notiq”, Zayniddinova Shahzodaxon Faxriddin qizi — “Eng yaxshi taqdimotchi” nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlandi.

G‘oliblarga kelgusida prokuratura organlarida ishlashlari uchun shahar prokuraturasi tomonidan tavsiyanoma taqdim etildi.

Sevinch Elmurodova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring