Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tezlik ortidan jinoyat sodir etgan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Tezlik ortidan jinoyat sodir etgan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Foto: «Xabar.uz»

Belgilangan qoidalarga amal qilmay, avtoulovni bepisand boshqarish jinoyatga sabab bo‘ldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi sudyasi Sanjar Ibodovning ma’lum qilishicha, bir insonning o‘limi bilan yakunlangan ayanchli hodisa Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Sh.Rustaveli ko‘chasida sodir bo‘lgandi.

Komil (ismlar o‘zgartirilgan) «MATIZ» rusumli avtoulovni boshqarib kelayotib, oraliq masofa saqlamaganligi sabab Jo‘rabek boshqaruvidagi «MATIZ»ning orqasiga urilib, to‘qnashuv sodir etadi. Ushbu zarba natijasida Jo‘rabek boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida turgan «Lacetti»ga borib uriladi. Fojia shu yerda ro‘y beradi: «Lacetti» orqasida haydovchi Nodir turgandi. U og‘ir tan jarohati olib, kasalxonada vafot etadi.

Sud hukmiga ko‘ra, YTH keltirib chiqargan ayblanuvchi (Komil) Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topilgan va 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, JKning 72-moddasiga asosan 2 (ikki) yil muddatga sinov muddati belgilangan.

Bundan tashqari, sud tomonidan hukm qonuniy kuchga kirgach, sudlanuvchi Komildan jabrlanuvchining qonuniy vakili Ramazon Jo‘raqulov foydasiga 3 million 849 ming 680 so‘m, fuqaroviy da’vogar Jo‘rabek Mamatraimov foydasiga 5 million 236 ming 840 so‘m miqdoridagi moddiy zarar undirish haqida hukm chiqardi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring