Tergovchi advokatga «bu dargoh Bosh prokuratura ekanini» ko‘cha tilida «eslatib» qo‘ydi...

Yunusobod tumanidagi «PRAVOVED» advokatlik byurosi advokati Abdug‘ani Qurbanov yozg‘irishicha: «Bosh prokuratura tomonidan advokatlar o‘rtasida o‘tkazilgan anonim so‘rovnoma natijalariga nisbatan bildirilgan ishonchsizlik meni hayratda qoldirdi. Jumladan, Bosh prokuraturaning bayonotida «2018-yilda respublika miqiyosida prokuratura organlariga advokatlardan o‘ziga nisbatan haqoratli va kamsituvchi munosabatda bo‘linganligi holati yuzasidan 2 ta murojaat kelib tushgan va qonuniy tartibda ko‘rib chiqilgan» deyilgan. Qanchadan-qancha advokatlarimiz o‘z huquqlarining buzilishi bo‘yicha yozgan arizalariga, murojaatlariga javob ololmay turgan bir paytda bu gapni qanday tushunish mumkin?! Axir shaxsan mening o‘zim yetti oydan buyon arizamga javob ololmaymanku... Qolaversa, mening shikoyatim respublikamizning qaysidir chekka bir tumanidagi prokuratura idorasi xodimi ustidan emas, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tergovchisining xatti-harakatlari ustidan yozilgan edi...». Bu haqda «advokatnews.uz» yozmoqda.
Advokatning aytishicha, uning himoyasidagi fuqaroga nisbatan 2018-yil 19-iyunida tergov harakatlarini olib borayotgan tergovchi o‘z vakolatlari doirasidan chiqib, tergov berayotgan fuqaroga nisbatan, garchi u savollarga javob berayotgan bo‘lsa-da, ruhiy bosim ostida tazyiq o‘tkaza boshlagan. Shunda advokat uning bu xatti-harakatlariga nisbatan e’tiroz bildirib, tazyiq o‘tkazmaslikni, tergovga doir protsessual talablarni buzmaslikni so‘ragan. Ammo tergovchi advokatning qonuniy talabini bajarish o‘rniga uning o‘zini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilib, unga bu yer Bosh prokuratura ekanini «eslatib» qo‘ygan va ularning oldida jim o‘tirishi kerakligini ko‘cha tilida «tushuntirgan». Shuningdek, yana shu holat takrorlansa, uni bu ishdan chetlatishlari mumkinligi bilan tazyiq o‘tkazishgan.
«Shundan so‘ng men 2018-yilning 22-iyunida Bosh prokuror nomiga ariza yozib topshirdim, — deydi advokat. — Arizamda Bosh prokuratura tergovchisiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlarini, uni mening himoyam ostidagi fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borishdan chetlatishlarini hamda tergovchiga nisbatan ko‘rilgan chora haqida menga ma’lum qilishlarini so‘radim. Ammo, mana, oradan 7 oyga yaqin vaqt o‘tayotgan bo‘lsa-da, hanuzgacha bu arizam bo‘yicha na meni chaqirishdi, na javob xati berishdi...»
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Advokatlar Palatasi tomonidan advokatlar o‘rtasida ularning kasbiy faoliyatlari davomida huquqlari buzilishi holatlari yuzasidan o‘tkazilgan anonim so‘rovnoma natijalari Palata sayti va «Advokatnews.uz» internet nashrida e’lon qilingach, u boshqa OAVda ham keng yoritilgan va shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mazkur anonim so‘rovnoma natijalariga nisbatan ishonchsizlik bildirib, bayonot bilan chiqqan edi. Keyinchalik esa Bosh prokuror va Advokatlar palatasi raisi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Bosh prokuror advokatlarning kasbiy huquqlari buzilishiga doir masalalarni shaxsan o‘z nazoratiga olishini ma’lum qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter