Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Taniqli islomshunos sudga berildi

Taniqli islomshunos sudga berildi

Foto: «Facebook»

Sarlavhadagi «islomshunos» so‘ziga ko‘pam tirg‘alavermaslikni so‘rardik avvalo. Mubashshir Ahmad — serqirra inson: bloger, noshir, tarjimon, muharrir, mudarris, voiz... Bu nisbatlarni umumlashtirib turadigan narsa uning islomshunosligiki, urg‘u shunga berilayotganida hech qanday g‘araz yo‘q!

Gapni izohdan boshlanganimizning sababini ilg‘ayotgan bo‘lsangiz kerak: keyingi paytda qo‘li qonga botgan qotil yoki qandaydir firibgar haqida yozilgan maqolalarda jinoyat qolib, jinoyatchilarning boshqa «sifatlari»ga (qotilning go‘yoki namozxon, firibgar ayol «shar’iy xotini» ekani... Ajab-ajab?!) e’tibor qaratilayotgani keng ommada ko‘p va xo‘p norozilik keltirib chiqardi. Bizam balolarga qolmaylik dedik-da.

Xullas, Mubashshir Ahmadning taniqli islomshunos ekani bahsdan xoli holat. Uning sudga tortilayotgani ham hech qanday jinoyatga aloqador emas! Bu bor-yo‘g‘i fuqaroviy-huquqiy munosabatga doir masala, xolos. Ya’niki, bir muddat avval Mubashshir Ahmad «Asia supermarketi»dan mahsulot («sudga ta’sir o‘tkazilyapti» ma’nosidagi mahobatlarga o‘rin qoldirmaslik uchun mahsulot nomi ochiq yozilmadi) xarid qilgani bilan bog‘liq holatlar haqida ijtimoiy tarmoqdagi o‘z sahifasida to‘rt enlik mulohaza bitgandi. Supermarket mutasaddilari buni ayricha tushunganmi yoki boshqa sababmi, ishqilib, muallifning mulohazalari yuzasidan sudga murojaat etgan ko‘rinadi. Bor-yo‘q masala shu.

Shugina narsani sudgacha olib chiqish shartmi? Bu endi da’vogarning huquqi. Modomiki, huquqi bor ekan, undan xohlaganicha foydalanishi mumkin. Vassalom.

Vaziyatni avvaldan bashorat qilib bo‘lmaydi, albatta. Masalaga qonuniy nuqta qo‘yishga faqat sudda vakolat bor. Bizda esa vaziyatni kuzatib, bor voqelikni boricha yozish uchun sud qarorini kutishdan o‘zga chora yo‘q.

Voqealar rivojini biz bilan kuzating.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring