Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tamaki mahsulotlari kontrabandasi eng ko‘p Farg‘ona vodiysiga to‘g‘ri kelmoqda

Tamaki mahsulotlari kontrabandasi eng ko‘p Farg‘ona vodiysiga to‘g‘ri kelmoqda

Davlat budjetini shakllantirishda yashirin iqtisodiyotning mavjudligi hamda uning ulushi, ya’ni kontrabanda mahsulotlari savdosi yoki o‘z vaqtida unga chek qo‘yilishi katta ahamiyatga egadir. Shunga ko‘ra O‘zbekiston iqtisodiyotida ham kontrabanda tamaki va alkogol mahsulotlarning olib kirilishi hajmi hamda ushbu tovarlarning davlat hududiga olib kirilishining oldini olish bilan bog‘liq chora-tadbirlar katta ahamiyat kasb etadi.

Misol tariqasida, 2022 yilning faqat 10 oyi davomida tamaki mahsulotlari kontrabandasi bilan bog‘liq 19 ta holat aniqlandi va soliq organlari vakillari tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida umumiy qiymati 67,4 mln. so‘mga teng bo‘lgan noqonuniy tamaki mahsulotlari musodara etildi.

TDIUda o‘tkazilgan maxsus ilmiy tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2022 yil dekabr oyida tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi 21 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning aprel oyiga kelib, bu ko‘rsatkich 22,5 foiznini tashkil etgan.

Mintaqalar kesimi bo‘yicha noqonuniy tamaki mahsulotlari aylanmasining eng yuqori ko‘rsatkichlari Farg‘ona vodiysiga to‘g‘ri keldi (39-40%). Masalan, joriy yilning 10 may kuni Namangan viloyati bo‘yicha IIV boshqarmasi tomonidan 3 turdagi 29 ming dona quti jami 197 million so‘mlik tamaki mahsulotlari belgilangan tartibda yo‘q qilingani haqida xabar berilgan edi.

Boshqa mintaqalarda ham xuddi shu kabi vaziyatlarda ko‘rsatkichlar quyidagicha bo‘ldi: Toshkent shahrida — 17-18%, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida – 17,5%, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarida – 13%, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 11 foizdan.

«Kantar» xalqaro kompaniyasi tadqiqoti ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekistonda tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanishi 4,3 foizdan 14,2 foizga oshgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, noqonuniy mahsulotlardan O‘zbekiston budjeti yiliga 50 million dollardan ziyod zarar ko‘radi. Bu mablag‘larga davlat oliygohlarida 50 mingdan ziyod qo‘shimcha budjet o‘rinlari yaratishi yoki 140 ming nafar nafaqaxo‘rlarni yillik nafaqa bilan ta’minlash mumkin.

Ilmiy tadqiqotlarda aniqlanayotgan bunday o‘sish sur’atlari sharoitida, tamaki va alkogol mahsulotlar kontrabandasiga qarshi kurashni aslo susaytirmaslik kerakligini anglatadi. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali yashirin iqtisodiyotga chek qo‘yish kerak.

Shu munosabat bilan joriy yil 4 aprelda imzolangan «Aholini sifatli iste’mol tovarlari bilan ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni o‘z vaqtida qabul qilingan bo‘lib, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, soxta va iste’mol uchun yaroqsiz mahsulotlar muomalasiga chek qo‘yishni nazarda tutadi.

Mazkur qaror bilan tegishli mutasaddi idora va tashkilotlar zimmasiga sifatsiz va soxta tovarlarning iste’molga yaroqli mahsulotlardan farqi va ularning inson salomatligiga salbiy ta’sirini doimiy tarzda tushuntirish va yoritib borish, bu boradagi jamoatchilik vakillarining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash vazifasi yuklatildi. Shu bilan birga, endilikda etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq qilmish uchun javobgarlik ijtimoiy xavflilik darajasidan kelib chiqib belgilanishi ko‘rsatildi.

2023 yilning 1 sentabr oyidan boshlab tamaki mahsulotlarining ulgurji va chakana savdosi vakolatli organlarni xabardor qilish orqali amalga oshiriladigan faoliyat turiga kiritildi. Bundan tashqari, viloyatda soxta va iste’molga yaroqsiz mahsulotlar ishlab chiqarilishi mazkur hududdagi profilaktika inspektori faoliyatini baholashning asosiy mezonlaridan biri sifatida qaralayotgani aniqlandi.

Mavzuni yakunlab shuni aytish joizki, mamlakatimiz iqtisodiyoti, shuningdek, aholi salomatligi uchun yashirin iqtisodiyotni keskin qisqartirish, tovarlarning noqonuniy aylanmasini oldini olish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, shaffof hamda raqobatbardosh iqtisodiy muhitni yaratish nihoyatda muhimdir.

Ayniqsa, davlat budjetiga katta salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi farmatsevtika, tamaki va alkogol mahsulotlari kontrabandasiga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bilan birga hukumat darajasidagi samarali chora-tadbirlarni ko‘rish ayniqsa zarur bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring