Tadbirkorning 8 mlrd so‘mi qaytarib berildi
Samarqand shahrida ro‘yxatga olingan yakka tartibdagi tadbirkor «E-AUKSION» elektron savdo platformasi orqali sotib olgan ob’yektiga auksion natijalari bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilmaganligi hamda to‘langan pul mablag‘i qaytarilmayotganligidan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, Samarqand shahar iqtisodiy sudining 24.01.2022 yildagi ijro varaqasiga asosan qo‘zg‘atilgan ijro ishi doirasida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan «E-AUKSION» elektron savdo platformasi orqali savdoga chiqarilgan mas’uliyati cheklangan jamiyatga qarashli avtomobillarga gaz yoqilg‘i, siqilgan gaz quyish stansiyasi va bino-inoshootlari shohobchasi bo‘yicha tanlovda tadbirkor g‘olib deb topilgan.
Tadbirkor tomonidan 27.06.2022 yilda 8 mlrd so‘m «Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi» DUK depozit hisobvarag‘iga to‘liq to‘lab berilgan.
Ushbu savdoga chiqarilgan ob’yektga nisbatan Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining 26.04.2022 yildagi ajrimiga asosan dastlabki himoya choralari qo‘llanilganligi sababli operator tomonidan tadbirkorga auksion natijalari bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirib berilmagan.
Mazkur holat yuzasidan tadbirkor tomonidan dastlabki himoya choralarini qo‘llash bo‘yicha ajrimni bekor qilish yuzasidan kiritilgan iltimosnoma sud tomonidan rad etilgan.
Bundan tashqari, Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyasiya instansiyasining 17.04.2023 yildagi qaroriga asosan buyurtmachining ob’yektni savdoga chiqarishdagi xatti-harakatlari qonunga xilof deb topilib, Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudining 26.09.2022 yildagi qaroriga asosan javobgar bankrot deb e’tirof etilganligi sababli ijro ishini tugatish choralari ko‘rilmaganligi qayd etilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 12.04.2023 yildagi qaroriga asosan Kelishuv bitimini tasdiqlash va ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimiga asosan buyurtmachi tomonidan 08.05.2023 yilda ijro ishi tugatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Elektron onlayn-auksionni o‘tkazish tartibini soddalashtirish, uning shaffofligini oshirish hamda ishtirokchilar huquqlarining ishonchli himoyasini kafolatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2022 yil 24 iyuldagi PQ-5197-sonli qarorining 2-bandida elektron onlayn-auksionni tashkil etish va o‘tkazish tartibidan tashqari bo‘lgan tartib-taomillarga rioya qilinmaganligi uchun auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnomani bekor qilish yoki o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.
Shunga qaramasdan, bayonnomani rasmiylashtirish yuzasidan tadbirkorning bir necha murojaatlari operator tomonidan sud qarorlariga asoslanib rad etilib kelingan bo‘lsa-da, to‘lab berilgan mablag‘ ham shu kunga qadar qaytarilmagan.
Xususan, to‘langan pul mablag‘ini operator xizmati chegirilgan holda qaytarib berish yuzasidan 2023 yil 8 iyunda qilingan murojaatga operator tomonidan 2023 yil 22 iyundagi javob xati orqali «burtmachining rozilik xati olingandan so‘ng pul mablag‘ini qaytarish bo‘yicha kelishuv bitimini tuzish masalasi ko‘rib chiqilishi» ma’lum qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 yanvardagi 18-sonli Qarori bilan tasdiqlangan «E-auksion» elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 98-bandiga ko‘ra, g‘olib ob’yektni qabul qilishdan bosh tortgan taqdirda, taraflar (g‘olib, buyurtmachi va operator)ning kelishuviga asosan to‘langan pul mablag‘lari ushbu Nizomda belgilangan tartibda (operator xizmat haqi chegirilgan holda) g‘olibga qaytarilishi mumkin. Bunda buyurtma operator tomonidan buyurtmachiga qaytariladi. Taraflar kelishmagan taqdirda, ushbu nizoli masala sud tartibida ko‘rib chiqiladi deb belgilangan.
O‘z navbatida, buyurtmachi 2023 yil 7 iyuldagi xati orqali tadbirkor tomonidan to‘langan pul mablag‘ining qaytirilishiga e’tirozi yo‘qligini ma’lum qilgan.
Auksion natijalari bo‘yicha bayonnoma bir yildan ortiq vaqt mobaynida rasmiylashtirilmaganligi, so‘ngra to‘langan pul mablag‘i turli vajlar bilan qaytarib berilmaganligi natijasida tadbirkorning qonuniy manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilgan.
Murojaatni o‘rganish davomida to‘langan pul mablag‘larini qaytarish yuzasidan «Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi» DUKga Biznes-ombudsmanning 17.07.2023 yildagi Xulosasi kiritildi. 23.07.2023 yilda tadbirkorlik sub’yektiga 8 mlrd so‘m mablag‘ qaytarib berilishi ta’minlanib, bir yildan ortiq vaqt davom etgan sarsongarchilikka barham berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter