Surxondaryoda yosh qizni kuch ishlatib takroran zo‘rlagan shaxs ishining «bosti-bosti» qilib yuborilishiga IIV munosabat bildirdi
Surxondaryo viloyati Termiz shahrida B.E. ismli shaxs 2020 yilning yanvar oyida 16 yoshli voyaga yetmagan (maktab o‘quvchisi) qizning ojizligidan foydalanib, uni qo‘rqitib takroran kuch ishlatib nomusiga tekkani bo‘yicha Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi Farxod Boqiyevning axborotida ma’lum qilingandi.
Ushbu jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan qariyb 14 oydan beri Termiz shahar IIO FMB tomonidan qonuniy choralar ko‘rilmay kelinayotgani, sababi jinoyatni amalga oshirgan shaxsning do‘stlari Termiz shahar IIO FMBda faoliyat yuritishi, shu sababli ish bosti-bosti qilib kelinayotgani qayd etilgandi.
IIV matbuot xizmati mazkur holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi olib borilayotganini bildirdi.
«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi F.Boqiyev tomonidan Surxondaryo viloyati Termiz shahri ichki ishlar bo‘limi faoliyati va xodimlarning xizmat mavqeini suiiste’mol qilayotganliklari to‘g‘risida bildirgan salbiy bayonotidagi faktlarni o‘rganish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligining ishchi guruhi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.
O‘rganish natijalari yuzasidan jamoatchilikka to‘liq axborot beriladi», deyiladi IIV matbuot xizmati xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter