Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Surxondaryoda kovrak yig‘uvchi ishchilar do‘pposlandi

Surxondaryoda kovrak yig‘uvchi ishchilar do‘pposlandi

2020-yilning 8-avgust kuni soat 10:00 da Qumqo‘rg‘on tumani «Saxovat» mahallasidagi tog‘li hududda kovrak shirasini yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi MChJning ishchilari 32 yoshli A.B., 39 yoshli Z.M. va A.J.lar kaltaklandi.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, ular ishlayotgan vaqtida shu joyga 40 yoshli B.Ch. va 41 yoshli X.Ch. lar taxminan 15 nafar notanish fuqarolar bilan birgalikda borib, qo‘lida bo‘lgan tayoq bilan M.B., A.J. va A.B. larning tanasining turli joylariga urib, ularga turli ko‘rinishdagi tan jarohati yetkazib, «Bu yerda ishlamaysanlar, toqqa qaytib chiqsang o‘liging tushadi» deb qo‘rqitib, MChJga tegishli jami 20 dona yelim idishdagi qiymati 168 mln. so‘m bo‘lgan 105 kg. kovrak shirasi va narxi 1.100.000 so‘m bo‘lgan 20 kg. qovurilib yelim idishga solib qo‘yilgan qo‘y go‘shtini hamda 2 dona afg‘on pichog‘i, ikki dona 100 litr hajmli yelim idishlari va A.B, ga tegishli narxi 1.000.000 so‘mlik «Samsung J-5» rusumli telefon apparatini tortib olib, hodisa joyidan yashirinishgan.

Hodisa sodir bo‘lgan joyidan bir dona singan holdagi tayoq bo‘lagi va bir dona butun holdagi cho‘pon tayog‘i ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Qumqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi «a,v» bandlari (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring