Sudyalar oliy kengashi: yil oxiridagi tadbirda qaysi masala muhokama etildi?
O‘tgan yilning adog‘ida Sudyalar oliy kengashida navbatdagi tadbir o‘tkazildiki, yangi yil shukuhi-yu bayramoldi boshqa yig‘inlar sabab jamoatchilikning biroz e’tiboridan chetda qolgandek.
Kengash yil oxirida otga astoydil qamchi bosgani bor gap. Tizimda korrupsiyaning barvarqt oldini olish bo‘yicha joylarda o‘tkazilgan ma’rifiy tadbirlar bir-biriga ulanib, Bosh qomus qabul qilingan sanagacha davom etdi. Ayni sana keyingi tadbirlarga tutki berib, bu jarayonda asosiy e’tibor tizimda sochi oqargan nuroniylarni yo‘qlash, tarixda ilk bor ta’sis etilgan «Faxriy sudya» ko‘krak nishonini ega-egalariga topshirishga qaratilganidan jamoatchilikning xabari bor. Bu orada Kengash ikki bor yig‘ilish o‘tkazishga ham ulgurdiki, buning natijasida qator tayinlovlar amalga oshirilishi barobarida munosiblar sudyalik lavozimiga tayinlandi, nomunosiblari tizimdan chetlatildi. Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan chop etilgan «Xalqaro huquq normalarining sudlar tomonidan qo‘llanilishi» nomli qo‘llanmaning chop etilishi alohida voqelik bo‘lgani, bu kitob taqdimotida haqli e’tirof etilganidan ham jamoatchilikka ma’lum qilingan.
Ketar yilning oxirigi kunlarida yana bir tadbir o‘tkazishga ulgurildi. Ya’nikim, Kengash tashabbusi bilan «Dastlabki eshituv va aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv institutlariga oid jinoyat-protsessual qonunchilikni qo‘llash: muammo va yechimlar» mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qonunchilikdagi mazkur yangi institutlarning amaliyotga samarali tatbiq etish, bu boradagi yuzaga kelayotgan muammolar va uning yechimlari xususida so‘z yuritildi.
Aytildiki, so‘nggi yillar mobaynida mamlakatimiz jinoyat va jinoyat-protsessual qonun hujjatlari normalarini takomillashtirish, jinoyat protsessiga jalb etiladigan fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini so‘zsiz ta’minlashda xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy amaliyotni implementatsiya qilishga qaratilgan sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi.
Xususan, dastlabki eshituv – qonunchilikda yangi institut. Mazkur institut surishtiruv va dastlabki tergov organlari faoliyati ustidan bevosita sud nazorati shakllaridan biri hisoblanib, jinoyat ishini sudda ko‘rish uchun tayinlash bosqichida jinoyat ishining kelgusi harakati masalalari tortishuv prinsipini amalga oshirish orqali hal etilishini ko‘zda tutadi.
Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv ham qonunchilikda katta yangilik: u milliy huquq tizimini demokratlashtirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, davlatning inson huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha konstitutsiyaviy majburiyatini bajarishga xizmat qiladi. Ayniqsa, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda ish hajmi keskin ko‘paygan bir sharoitda, sud tergovi o‘tkazmasdan ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish, ya’ni protsessual kuch va vositalarni tejash imkonini beradi.
Har qanday yangilik amaliyotga birdaniga va silliq tatbiq etilmasligi aniq. Bunda muayyan tushunmovchiliklar yoki huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish zaruriyati paydo bo‘lishi ehtimoli katta. Shu ma’noda aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv va dastlabki eshituvni amaliyotga joriy qilishda bir qator muammolar yuzaga kelishi tabiiy. Muammolar esa ham qonunchilik, ham amaliyot, shu jumladan, jinoyat ishini yuritish uchun mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslarning professional tayyorgarlik darajasi bilan bog‘liq.
Tadbirda yuzaga kelayotgan muammolar ochiq muhokama qilindi, salmoqlik takliflar o‘rtaga tashlandi. Xususan, jinoyat-protsessual qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, qonunni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.
Demak, jarayon izchil davom etmoqda.
Sudyalar oliy kengashi
matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter