Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sud «HUMAN» rahbarini 10 yilga «kesdi». Qolaversa...

Sud «HUMAN» rahbarini 10 yilga «kesdi». Qolaversa...

Foto: Tergov departamenti

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida «HUMAN» xususiy bandlik agentligi» MChJ rahbari Shoxnur Fayzullayevga (1992-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, millati — o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti — oliy, oilali, muqaddam sudlanmagan) oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilayotgandan ko‘plarning xabari bor.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, sud ishi nihoyasiga yetib, sudlanuvchiga nisbatan hukm o‘qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi sudyasi Xayrulla Rahmonov raisligida bo‘lib o‘tgan sud yakuniga ko‘ra, sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 227-moddasi 2-qismi «a» bandi va 179-moddasi bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar)ning tegishli bandlariga asosan reabilitatsiya qilindi, shuningdek, ayblovdan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi 2-qismi «a» bandi ham chiqarilgan.

Sh.Fayzullayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi («Firibgarlik») 3-qismi «b», «v» bandlari, 189-moddasi («Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish») 1-qismi va 243-moddasida («Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish») nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalariga asosan tayinlangan har xil turdagi jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Sudlanuvchi Sh.Fayzullayevdan 1080 nafardan ortiq jabrlanuvchilar foydasiga 21 mlrd. 192 ming so‘mdan ziyod miqdorda moddiy zarar undirilishi belgilandi.

Shuningdek, jabrlanuvchilarga jinoyat oqibatida yetkazilgan ma’naviy zararlarni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.

Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchi va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.

Eslatib o‘tamiz, Sh.Fayzullayev va boshqalar agentlikning joylarda vakolatxonalarini tashkil etib, 2019-yil 13-sentyabrga qadar fuqarolarni Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Bolgariya va Litva davlatlariga ishga joylashtirishni va’da qilib, ularning har biridan (taklif etilgan ishdan kelib chiqqan holda) 6 300 000 so‘mdan 35 000 000 so‘mgacha pul olib, amalda fuqarolarni hech qayerga yubormasdan, juda ko‘p miqdordagi mablag‘ga firibgarlik yo‘li bilan ega chiqqanlikda ayblangan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring