Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Soxta tabiblarga jazo tayin bo‘ladi

Soxta tabiblarga jazo tayin bo‘ladi

Xalq tabobati sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan tibbiy tashxis qo‘yish va davolash xizmatlarini ko‘rsatish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Senatning navbatdagi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqildi.

«Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi Qonunda tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha maxsus komissiyaning xulosasiga asosan xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega ekanligi belgilangan.

Bunda sog‘liqni saqlash amaliyotida tashxis qo‘yish va davolashning faqatgina qo‘llashga ruxsat etilgan usullaridan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.

Shu bilan birga, qonunchilikda xalq tabobati sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini ko‘rsatganlik, shuningdek, xizmatlarni xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish evaziga ko‘rsatganlik uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmagan.

Buning natijasida fuqarolar soxta tabiblarning qurboniga aylanmoqda, bunday xizmatlarning oqibatlari esa fuqarolarning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun bilan fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini xalq tabobati sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ko‘rsatilganlik, shuningdek, xizmatlarni xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish evaziga ko‘rsatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, mazkur xizmatlarni omma oldida targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik o‘rnatilmoqda.

 «Reklama to‘g‘risida»gi Qonun xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini reklama qilishni taqiqlovchi norma bilan to‘ldirilmoqda.

Muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring