Sizni suratga tushiruvchi shaxs ruxsat so‘rashi lozim bo‘ladi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga «O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi joylashtirildi.
Hujjat loyihasi bilan, endilikda kodeksga fuqaroning tasviriga bo‘lgan huquqini himoya qilish bandi kiritilishi mumkin.
Unga ko‘ra, fuqaroni tasvirga tushirish va undan foydalanish uchun ushbu fuqaroning roziligi, agar fuqaro voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz deb, topilgan bo‘lsa, uning qonuniy vakillari roziligi talab etiladi.
Quyidagi hollarda ya’ni tasvirdan davlat yoki jamiyat manfaatlari uchun foydalanish, huquqbuzarlikka qarshi kurashish maqsadida, davlat va jamiyat xavfsizligiga tahdid soluvchi voqea-hodisalar haqida xabar berishda, tasvirdagi shaxsning jinoyat sodir etganligi yoki bedarak yo‘qolganligi sababli qidiruv e’lon qilishda, shuningdek davlat xizmatchilarining xizmat vazifalarini bajarish jarayonidagi tasviridan foydalanish mumkin.
Qayd etilishicha, fuqaroni tasvirga tushirish va uning tasviridan foydalanishga rozilik yozma yoki og‘zaki shaklda yoxud boshqa rozilikni yaqqol ko‘rsatuvchi harakatlar orqali bildiriladi. Lekin, berilgan rozilik mazkur rozilikni olgan shaxsdan boshqa shaxslarga tasvirdan foydalanish huquqini bermaydi.
Ta’kidlanishicha, fuqaroning ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan talablarga rioya qilmasdan tushirilgan yoki foydalanilgan tasviri saqlanayotgan manba – fotoapparat, kamera, mobil telefon va boshqa uskunalardan o‘chirib tashlanishi, fuqaroning tasviri aks ettirilgan moddiy ne’matlarning yo‘q qilinishi hamda muomaladan chiqarilishi, xususan har qanday bosma va elektron ommaviy axborot vositalaridan, Internet tarmog‘idan hamda tashqi reklama va reklama xususiyatiga ega bo‘lgan tarqatma materiallardan olib tashlanishi lozim.
Muhokama joriy yilning 8 martiga qadar ochiq.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter