Sirdaryoda yurist, Farg‘onada sobiq harbiy xizmatchi qo‘lga tushdi
Joylarda qonunbuzilishi holatlariga chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda DXX.
Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Mirzaobod tumanidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat yuristi logistika xizmatlari ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbaridan 14 ming AQSh dollari va 12 mln. so‘m olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, u viloyat prokuraturasi tomonidan mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida MChJning bekor qilingan guvohnomasini tiklash va soliq idoralari tomonidan 1 mlrd. 950 mln. so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini olishga qo‘yilgan ta’qiq masalasini ijobiy hal qilib berishni va’da qilgan.
DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Farg‘ona shahrida yashovchi, 1984 y.t. sobiq harbiy xizmatchi o‘zining mansabdor tanishlari yordamida mahalliy fuqaroni ichki ishlar organlari tizimiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkentda IIO katta inspektori va Kadastr agentligi bosh mutaxassisi ushlangani xabar qilingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter