Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hamqishlog‘ini o‘ldirib, hovliga ko‘mib qo‘ygan shaxs 18 yilga qamaldi

Hamqishlog‘ini o‘ldirib, hovliga ko‘mib qo‘ygan shaxs 18 yilga qamaldi

Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida hamqishlog‘iga yetti marotaba pichoq urib, uni o‘ldirgan va hovlisidan xandaq qazib ko‘mib yuborgan fuqaro 18 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Kattaqo‘rg‘on tuman sudi raisi Temur Almamatov «Daryo»ga ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, 2020-yilning 13-oktyabr kuni soat taxminan 21:00 da Azamat Rasulov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘zining yashash uyida hamqishlog‘i Sh.X. bilan birga spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Mast bo‘lgan Sh.X. Azamatni qo‘pol so‘zlar bilan haqoratlagan. Natijada ikkalasi o‘zaro janjallashib qolgan.

Mazkur janjalda Azamat Rasulov hamqishlog‘ining ojiz ahvoldaligini bilgan holda dastlabki tergov va sud majlisida aniqlash imkoni bo‘lmagan oshxona pichog‘ini unga yetti marotaba urgan. Bu ham yetmagandek, Sh.X.ga yanada ko‘proq azob berish va alohida qiynoqqa solish niyatida bosh sohasiga temir bolg‘a bilan bir necha marta urib, og‘ir tan jarohati yetkazib, qasddan o‘ldirgan.

Shundan so‘ng sudlanuvchi o‘zi tomonidan sodir etilgan ushbu o‘ta og‘ir jinoyatni yashirish va muqarrar jinoiy javobgarlikdan qutulish maqsadida yashash uyining hovlisidan xandaq qazib Sh.X.ning murdasini ko‘mib yuborgan. Hamda qotillik sodir etishda foydalangan oshxona pichog‘i, qon dog‘lari bilan ifloslangan to‘shaklarni yoqib, yo‘q qilgan.

Mazkur voqea huquqni muhozafa qiluvchi organlar tomonidan aniqlangach, sudda ko‘rib chiqildi. Sud sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «v», «j» bandlari (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirish) bilan aybli deb topib, uni 18 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring