Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senga shu kerakmidi, a?

Senga shu kerakmidi, a?

Illyustrativ surat

Zangiotalik Solih Muhamedov (ismi-familiyalar o‘zgartirilgan) yosh bola emas: o‘ttizning ostonasida turibdi, ikki nafar farzandi bor. Tumanidan nariga chiqmagan, dunyoqarashi do‘ppidek Zangiota muzofoticha deyish ham qiyin. Tijorat orqasida nainki mamlakat hududlari, hattoki xorijga ham chiqib kelgan. Shunga qaramay birovni osonlikcha laqillatib, moliga ega chiqaman, deya chuchvarani xom sanaganiga hayronsan-da, kishi...

Shu yilning bahorida BAA davlatidan O‘zbekistonga qaytish uchun Sharja aeroportiga keladi. Qarasaki, aeroportda yurtimizga qaytayotgan fuqarolarga umid ko‘zini tikib turgan millatdoshlarimiz  turibdi. Maqsadlari — o‘sha yerdan sotib olingan turli narsa-buyumlarini bervorish ekan. Solihga ham iltimos qilishdi: narsamiz bor, olib ketolmaysizmi? Albatta, tekinga emas.

Solih Shokir Doniyorov degan yurtdoshimiz bilan kelishdi: 2 (ikki) dona «Xiaomi Redmi 5 Plus» telefonini va 1 (bir) dona «HP» rusumli noutbukni  olib, Toshkentdagi tanishlariga berib qo‘yadigan bo‘ldi. «Xizmat» haqi — 70 AQSh dollari! Narsalarni olganiga dalil tariqasida pasportini ushlab turgan holda suratga tushib berdi. Bu orada yana bir «mijoz» paydo bo‘ldi. To‘rt dona «iPhone 7» telefonini Toshkentga olib borish evaziga undan 40  dollar oldi.

...Toshkentga  kelgach, omonat narsalarni kerakli shaxslarga berish o‘rniga sekin uyiga survordi. Uni kutib turgan shaxslarning qo‘ng‘irog‘iga «Ertaga...» deya qisqa javob berdi. Ertasiga esa «Menga hech kim hech narsa berib yubormadi», deb tonvordi... Obbo, shovvoz-yey, birovning haqini yeb ketish oson ekan-a. Yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Axir o‘zing omonatlarni olganingni tasdiqlab, pasprotning bilan «selfi» qilganing yodingdan ko‘tarildimi?

Alqissa, Solih Muhamedovga nisbatan firibgarlik ayblovi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov ham ko‘p cho‘zilmadi, negaki, jinoyat aniq, dalillar naqd bo‘lgandan keyin ayblanuvchi qayerga ham borardi.

Sud Solih Muhamedovga nisbatan qilmishiga yarasha jazo tayinladi.

Shu kerakmidi senga, Solih?

J.Najimov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring