Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqanddan kelib, Toshkentda yo‘qolib qolgan qizcha yarim soatda topildi

Samarqanddan kelib, Toshkentda yo‘qolib qolgan qizcha yarim soatda topildi

Toshkent shahar IIBB PPX brigadasi 1 batalon safdor xodimlari Madina Tursunxo‘jayeva hamda Bekmurod Rahmataliyevlar poytaxtimizdagi «Hyatt Regency» mehmonxonasi atrofida hushyorlik bilan xizmat olib borishardi. Bu joyga bayramni nishonlash uchun ko‘plab fuqarolar tashrif buyurgan, mamlakatimizning turli viloyatlaridan kelgan mehmonlar ham bor.

Shu payt xodimlarga bir ayol bilan erkak murojaat qilishdi. O‘zini Farruh deb tanishtirgan yigit oilasi bilan bayramni nishonlash uchun Samarqand viloyatidan kelgan ekan. Ko‘pchilik ichida ularning 4 yoshli qizi Madina yo‘qolib qolibdi. Har qancha izlab topisha olmagach ichki ishlar organlari xodimlaridan yordam so‘rashga qaror qilishibdi.

Osoyishtalik posbonlari bolaning kiyimlari, ko‘rinishini so‘rab olgach, bolani izlashga kirishib ketdilar.

— Odamlar ko‘p bo‘lsa-da, qizaloqni topish unchalik qiyin bo‘lmadi, — deydi safdor M. Tursunxo‘jayeva. — Archa atrofida o‘ynab yurgan bolalarning ko‘pchiligi bir biriga o‘hshash kiyim kiygan edi. Ammo atrofga zir yugurgancha yig‘lab yurgan kichkintoy darrov e’tiborimizni tortdi.

Xodimlar qizaloq bilan suhbatlashib, aynan ular izlagan bola shu ekanini bilishdi. Kichkintoy yarim soatda topilib ota-onasining bag‘riga topshirildi. Qizaloqini bag‘riga bosayotgan, quvonchdan ko‘zlari namlangan onani ko‘rgan kishi, ular ko‘rishmaganiga ko‘p yillar bo‘lgan shekilli deb o‘ylashi mumkin.

— Ichki ishlar organlari xodimlarining boriga shukur, — deydi qizaloqning onasi Zuxra Abdusaidova — Qo‘rquvga aylangan bayram kayfiyatimiz yana asliga qaytdi. Qizalog‘imni topib kelgunlaricha o‘tgan yarim soat yildek o‘tdi go‘yo. Xalqimizning baxtiga osoyishtaligimiz, xotirjamligimiz, quvonchimiz posbonlari omon bo‘lishsin.

Shu o‘rinda ota-onalardan iltimos qilib qolardikki, bayram ko‘ngildagidek o‘tishi, shu kabi xolatlarga tushmaslik uchun farzandliringizga hushyor bo‘ling, kichkintoylarning qo‘llaridan ushlab oling. Barchaga bayram muborak.

IIV Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring