Samarqandda un oldi-sottisida firibgarlik ishlatgan shaxslar ushlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan hududda unni aholiga kafolatli tarzda va arzon narxda yetkazib berishda ta’sir ko‘rsatayotgan shaxslar to‘g‘risida olingan ma’lumotlarga asosan tekshiruv o‘tkazildi.
Tekshiruvda «L-CH» MChJga qarashli savdo maydonchasi treyderi Sh.P. va boshqalar «L-CH» MChJning muhridan aldov yo‘li bilan foydalanib, qalbaki hujjatlarni tayyorlash orqali birja bitimlarini tuzish uchun maxsus login va parollarni qo‘lga kiritib, so‘ngra 6 nafar shaxslarni mazkur jamiyatning treyderlari sifatida rasmiylashtirib, un savdosi bilan shug‘ullanib kelganliklari aniqlangan.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berishicha, Sh.P. va boshqalar qalbaki hujjatlar asosida brokerlik faoliyatini amalga oshirib, boshqa shaxslarga tegishli bo‘lgan login va parollardan noqonuniy foydalanib, respublikamizda e’lon qilingan karantin davrida aholi ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan unni sotishda monopol muhitni vujudga keltirib, 7 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektlariga qiymati 3,2 mlrd. so‘mlik 1 236 tonna unni olishga erishib, aholiga unni sun’iy qimmat narxlarda sotib kelishgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Sh.P. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Barcha tadbirkorlarni xalqimizni sinayotgan ushbu davrda hamjihat bo‘lib narxlarni asossiz oshirmasliklarini, halollik va qonunga itoatkorlik bilan faoliyatlarini amalga oshirishga chaqirib qolamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter