Samarqandda hokim yordamchisi ushlandi
Samarqand shahrida bankdan kredit olishda yordam berish evaziga pul talab qilgan hokim yordamchisi qo‘lga olindi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, fuqaro Samarqand shahar «Shukrona» mahallasida maishiy xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida «Xalq banki» shahar filialidan kredit olmoqchi bo‘lib yurgan vaqtida, mazkur MFYda hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi shaxs unga «o‘z xizmatini» taklif qilgan.
Fuqaro 7 iyun kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qilib, hokim yordamchisi bankdagi mansabdor tanishlari orqali 150 million so‘m miqdorida kredit chiqarib berish evaziga 1,5 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni talab qilib kelayotganini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur arizaga asosan Samarqand viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va departamentning Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida Samarqand shahar Sayfi Saroy ko‘chasida joylashgan «Shukrona»MFY binosi yonida hokim yordamchisi ariza muallifidan 1,5 ming dollar miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter