Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mirziyoyeva prokuraturadan qarorni qayta ko‘rib chiqishni so‘radi

Mirziyoyeva prokuraturadan qarorni qayta ko‘rib chiqishni so‘radi

Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva so‘nggi kunlarda keng muhokamada bo‘lgan ikki voqeaga o‘z munosabatini bildirdi:

Do‘stlarim! 

Biz, hozirgi kunda jurnalistlar hamjamiyati bilan birgalikda ikkita shov-shuvli holatni birlashtirgan «Musibatdagi ayollar» mavzusidagi voqealarni kuzatib bormoqdamiz.

Men uchun, ham ayol, ham ona va gender tengligi komissiyasining a’zosi sifatida bu juda muhimdir!

Birinchi holat — Toshkent viloyatining bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva. 

Men unga qo‘yilgan ayblovlarning qonuniy yoki noqonuniyligini hech qanday baholamoqchi emasman, bu sudning mutlaq vakolati. Ammo sizning e’tiboringizni shunga qaratmoqchimanki, eng kichigi atigi ikki yoshda bo‘lgan oltita farzandning onasi sudgacha qamoqda saqlanmoqda. Bizning qonunchiligimiz, boshqa rivojlangan mamlakatlar qonunchiligi singari, erkaklarnikiga qaraganda ayollar uchun biroz ko‘proq imtiyozlarni o‘z ichiga oladi. Bunga misol sifatida ayol kishining homiladorligi yoki voyaga yetmagan farzandlari borligi unga yengillashtiruvchi holatlar taqdim etishi mumkin. Bu ham insonparvarlikning bir turi. Guljahonning «ishida» nega qonun bu qadar qattiq va qat’iy? Olti bola bilan qayergadir qochib qutulishi mumkinmi? Nahotki sudgacha qamoqda saqlash bizning huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining yagona yo‘li bo‘lsa? Jinoyat-protsessual qonunchiligida boshqa ta’sirchan ehtiyot choralarini qo‘llashga nima xalaqit beradi?

Hibsga olish — bu kuchli stress va shaxsning ma’nan sindirilishidir. Ayniqsa, uyda yosh bolalaringiz bo‘lganida... Shuning uchun Toshkent viloyatining prokuraturasidan qarorni qayta ko‘rib chiqishlarini so‘rab qolaman.

Ikkinchi dahshatli voqea — Namanganlik Gulandom Dadaboyevaning o‘zini o‘zi yoqib yuborishi.

Uning onasi va ikki farzandi qoldi. Bu ayollar ularga boshqa birovning uyini sotib yuborgan firibgarning qurboniga aylandilar va firibgar esa jinoyati uchun qamoqqa tushdi. Mulk haqiqiy egasi tomonidan talab qilingan va sud ayollarni bolalari bilan birgalikda chiqarib yuborish bo‘yicha qaror qabul qilgan.

Bunday dahshatli holatga qo‘l urgan bu ayolning chorasizligini to‘liq tushunib turibman.

Va qonunchiligimizni bu borada nomukammal deb hisoblayman. Firibgarlar qo‘liga tushib turar joylaridan ayrilib va tom ma’noda ko‘chada qolgan holatlar faqat bu ayoldagina uchramaydi. Firibgarlar qamoqqa olinishlari mumkin, lekin moddiy zararni barmoq bilan sanaydiganlari qoplaydi xolos. Bu holda, mening nuqtai nazarimdan, firibgarlar davlatga qarzdor bo‘lib, qonun oldida javob berishlari kerak. Davlat esa o‘z o‘rnida shunday firibgarlar girdobiga tushib qolgan insonlarga shu kabi muammolardan chiqishiga yordam berishlari lozim.

Albatta, «odamlar o‘zlari aybdor, juda soddalar» – deb aytish mumkin. Biroq, bunda davlatning ham aybi bor. Qishloq ayollari barcha qonuniy huquqlarini qayerdan bilishsin? Ularga hamma narsani tekshirib, hech kimga ishonmaslikni kim o‘rgatgan? Bitimni rasmiy notarius tomonidan qonuniylashtirilishi qanday yuz berdi?

Bunday savollar fojialar sodir bo‘lishidan oldin berilishi kerak! Bu kabi har qanday holat uzoq va jiddiy tergovni talab qiladi. Va bunday hollarda har doim norasida bolalarni hisobga olmoqlik lozim! Ularning hech qanday aybi yuq, lekin ular ham kattalar bilan birga jazolanmoqdalar.

Men, deputatlar bu masalalarni muhokama qilib, nochor ahvolga tushib qolgan va aldanganlar uchun ijtimoiy himoyani mustahkamlashlarini juda-juda istardim. Hech kim borar joyi yo‘q ahvolga tushib qolmasligi kerak!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring