Said-Abdulaziz Yusupov tergovda qiynoqqa solinganmidi? Bosh prokuratura tekshiruv o‘tkazilganini ma’lum qildi
Bosh prokuratura Said-Abdulaziz Yusupov ishi yuzasidan axborot berdi. Unda ayblanuvchining tergov jarayonida qiynoqqa solingani gumonlari yuzasidan tekshiruv o‘tkazilgani ma’lum qilingan.
2019-yilning 10-mayida Yusupov Said-Abdulaziz Kamoliddinovich Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib ushlangan va DXX tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.
12.05.2019-yilda DXX Tergov boshqarmasi tomonidan S.Yusupov jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Respublika Sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filiali tomonidan o‘tkazilgan 16.05.2019-yildagi xulosasida, S.Yusupovda qon-tomir kasalligi aniqlangan bo‘lsada, ayblanuvchining salomatligi holati unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasini qo‘llanilishi va tergov harakatlarida ishtirok etishiga to‘sqinlik qilmasligi ko‘rsatilgan.
07.06.2019-yilda ayblanuvchi S.Yusupovning onasi J.Bakayeva Bosh prokuratura rahbariyati qabulida bo‘lib, tergov jarayonida o‘g‘li jismoniy qiynoqqa solinayotganligi haqida murojaat qilgan va o‘g‘lini uning himoyachisi ishtirokida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni so‘ragan.
08.06.2019-yilda Bosh prokuratura tomonidan himoyachi A.Shaymardonov va tergov ustidan nazorat olib boruvchi prokuror D.Raxmatullayev ishtirokida mutaxassis-shifokorlarni jalb qilgan holda ayblanuvchi S.Yusupov tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, uning tanasida biron-bir tan jarohati yoki qiynoq alomatlari aniqlanmadi.
S.Yusupov o‘z himoyachisi A.Shaymardonov ishtirokida ixtiyoriy bergan yozma tushuntirishida unga nisbatan tergov jarayonida hech qanday jismoniy yoki ruhiy tazyiqlar o‘tkazilmaganligini, hozirda kasalligi bo‘yicha tegishli dori vositalari va tibbiy muolajalarni o‘z vaqtida olayotganligini bildirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter