Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Rustam Usmonovning ishi» («Rustambank») Oliy sudda ko‘rilishi mumkin

«Rustam Usmonovning ishi» («Rustambank») Oliy sudda ko‘rilishi mumkin

Rustam Usmonov.

O‘z davrining yirik tadbirkori, O‘zbekistondagi ilk xususiy bank — «Rustambank» asoschisi Rustam Usmonov o‘ziga oid jinoyat ishi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlar orqali qilgan bayonotiga Oliy sud matbuot xizmati izoh berdi.

Ma’lumki, R. Usmonov jazoni ijro etish muassasalarida eng uzoq «o‘tirgan» shaxs hisoblanadi. U jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudining 1998-yil 19-oktyabrdagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi «a» bandi, 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) 3-qismi «a» bandi, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi «a» bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismi «a» bandi bilan aybdor deb topilib, mol-mulki musodara qilingan holda 14 yil ozodlikdan mahrum qilingan.

Mazkur hukm Oliy sudning 1999-yil 8-fevraldagi ajrimi bilan o‘zgartirilib, ayrim moddalar qayta kvalifikatsiya qilinadi, biroq tayinlangan jazo o‘zgarishsiz qoldiriladi. Mahkum 2012-yil 1-fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tuman sudida ham sud qilinib, Jinoyat kodeksining 221-moddasi (jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik) 2-qismi bilan  aybdor deb topilishi natijasida yana 5 yil 1 oy  muddatga «kesiladi».

Nihoyat, 19-yil deganda R. Usmonov (2017-yil, 7-fevral) jazo muddati tugashi bilan ozodlikka chiqadi.

Oliy sud matbuot xizmatiga ko‘ra, R. Usmonov o‘ziga chiqarilgan sud qarorlariga nisbatan tegishli tartib bo‘yicha murojaat qilmagan. Agar u Oliy sudga nazorat tartibida shikoyat qilsa, barcha vajlari atroflicha muhokama qilinadi hamda yakuni bo‘yicha tegishli qaror chiqariladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring