Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«QURAMAX»ning litsenziyasi bekor qilindi

«QURAMAX»ning litsenziyasi bekor qilindi

Bugun, 13 yanvar kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining «QURAMAX MEDIKAL» MChJga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan 2019 yil 10 dekabrdagi P6580-ro‘yxat raqamli litsenziyani bekor qilish va qo‘llash uchun yaroqsiz dori vositalarini muomaladan chiqarib, yo‘q qilish to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qildi.

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2023 yil 13 yanvardagi hal qiluv qarori bilan «QURAMAX MEDIKAL» MChJga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan 2019 yil 10 dekabrdagi P6580-sonli litsenziya bekor qilinishi va qo‘llash uchun yaroqsiz dori vositalari muomaladan chiqarilib, yo‘q qilinishi belgilandi.

Mazkur iqtisodiy ish bo‘yicha taraflar e’lon qilingan hal qiluv qarori ustidan  qonunchilikda belgilangan tartib va muddatda shikoyat qilish mumkin.

Sudning huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ushbu hal qiluv qarori, agar apellyasiya shikoyati (protesti) berilmasa, qabul qilinganidan keyin o‘n kun o‘tgach qonuniy kuchga kiradi.

Shuningdek, mazkur iqtisodiy ishga doir vakolatli idora va mansabdor shaxslarning xatti-harakati yoki harakatsizligi yuzasidan qonun talablari buzilganligi bo‘yicha huquqiy baho berish haqida xususiy ajrim chiqarilib, Toshkent shahar prokuraturasiga yuborilishi belgilandi. Ushbu ajrim ustidan belgilangan tartibda shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin, deyiladi Oliy sud xabarida.

Eslatib o‘tamiz, «Quramax Medikal» MChJ tomonidan mamlakatimizga import qilingan «Dok-1 MAKS» va «Ambronol» dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmagani, jinoyat ishi doirasida «Quramax Medikal» MChJning 2 nafar rahbar xodimi hibsga olingani xabar qilingandi.

Shuningdek, avvalroq Hindistonda «Dok-1 Maks» ishlab chiqaruvchi kompaniyaning litsenziyasi to‘xtatilgandi.

Mamlakatmizda ushbu preparatdan vafot etgan bolalar soni 20 nafarni tashkil etadi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring