Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qonunga zid izohlar uchun OAV va bloger javobgarmi? Qaror loyihasida nimalar nazarda tutilgan?

Qonunga zid izohlar uchun OAV va bloger javobgarmi? Qaror loyihasida nimalar nazarda tutilgan?

O‘tgan yili «endi OAV va blogerlar qoldirilgan kommentlar uchun ham javobgar bo‘ladi» degan xabarlar tarqalgan va bu juda katta muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Bu bo‘yicha huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev ham o‘zining kanalida munosabat bildirgandi.

Shundan so‘ng, AOKAda 60 dan ortiq jurnalist va blogerlarni yig‘ib, mazkur qaror loyihasi muhokama qilingan edi. Uchrashuvda media soha vakillari bir qator takliflarini va bu qaror bo‘yicha o‘zlarining xavotirlarini bildirishgandi.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha loyiha 23-dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining 807-sonli qarori bilan tasdiqlanibdi, aniqrog‘i, mavjud qarorga tegishli o‘zgarish kiritilibdi.

Qarorda nimalar nazarda tutilmoqda?

Eng avvalo, mushtariylar tomonidan qoldirilgan komment uchun OAV va blogerlar javobgar bo‘ladi, degan qoida yo‘q. Gap faqat O‘zbekiston qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotlarni olib tashlash to‘g‘risida xabarnoma yuborish haqida ketmoqda.

Xabarnoma yuborish tartibi qanday bo‘ladi?

— Aytaylik qaysidir OAV yoki blogerning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga kimdir qonunga zid kommentariy (terrorizm, diniy yoki milliy adovat, jinoyatchilikka da’vat, haqorat va shu kabilarga oid) qoldirdi.

— Agar kommentlar juda ko‘p bo‘lsa, buni OAV yoki bloger doimiy nazorat qila olmaydi. Shu sababli ko‘rmay qolgan kommenti uchun javob bermaydi. Bu mantiqan ham to‘g‘ri.

— Bunday kommentni AOKAning Monitoring markazi aniqlasa, unda OAV yoki blogerga elektron ravishda skrinshotlari bilan xabarnoma yuboradi.

— Unda OAV yoki blogerdan xabarnomani olgandan keyin (izoh qoldirilgandan keyin emas) 24 soat ichida o‘sha kommentni o‘chirish so‘raladi.

— OAV yoki bloger o‘sha kommentni o‘chiradi.

— Ammo bir muhim joyi, mazkur xabarnoma OAV yoki blogerga albatta o‘sha kommentni o‘chirish majburiyatini yuklamaydi. Bu o‘z nomi bilan xabarnoma xolos. Ya’ni xohlasa o‘chiradi, agar xohlasa, aniqroq aytganda, bu komment qonunga zid emas, deb hisoblasa, o‘chirmasligi ham mumkin. Unda nima bo‘ladi? Unda AOKA agar lozim topsa, sudga murojaat qilishi mumkin.

Huquqshunosning ta’kidlashicha, o‘chirish majburiyatini faqat sud belgilay oladi. Boshqa organlar emas. Huquqiy davlatlarda faqat sud oxirgi so‘zni aytishi kerak va bu qoida mazkur qarorda ham aks etgani quvonarli.

«Shu mavzu bo‘yicha avval ham aytgandim, menimcha, o‘zini hurmat qilgan OAV yoki blogerlar shundoq ham qonunga zid  materiallarni, izohlarni e’lon qilish mumkin emasligini yaxshi bilishadi va buni ko‘rgan zahoti hech bir xabarnomasiz ham o‘chirishadi. Chunki so‘z erkinligi — bu qonun doirasida istalgan fikrni ayta olish degani, qonunni va o‘zgalar huquqlarini buzgan holda aytilgan so‘zlar, erkinlik bo‘lmasa kerak», — deb yozadi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring