Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qochoq otalar Toshkentdan topildi

Qochoq otalar Toshkentdan topildi

Foto: «Xabar.uz»

Xodimlar tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan qidiruv tadbirlari davomida 6 nafar qidiruvdagi qarzdorlar topilgan. 

Byuroning Buxoro viloyat boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta inspektori Ixtiyor Olimovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, aliment to‘lovi mavjud bo‘lgan 6 nafar ota byurodan qochib yurgan.

Qarzdor shaxslarga nisbatan to‘plangan ma’muriy ish hujjatlari sudda onlayn tartibda ko‘rilib, 4 nafar qarzdor aliment qarzini to‘lashdan bo‘yin tovlaganligi sababli, ularga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. 2 nafar qarzdor aliment pulini sud jarayonida to‘lab bergan.

«Afsuski, o‘z mas’uliyatini unutib qo‘ygan ayrim otalar tomonidan farzandlariga aliment to‘lamaslik holatlari hamon uchrab turibdi. Aliment to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan 634 nafar qarzdor shaxslarga nisbatan ma’muriy ishlar qo‘zg‘atildi. Mazkur turdagi ijro harakatlari davomida joriy yilning o‘tgan davrida jami 50 milliard 990 million so‘m miqdordagi aliment qarzdorliklari undirildi. Qo‘llanilgan ma’muriy jazodan tegishli xulosa chiqarmagan 46 nafar qarzdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 122-moddasi (Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash)bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi», — dedi Ixtiyor Olimov.

Ta’kidlanishicha, Byuroning viloyat boshqarmasi va hududiy bo‘limlari ish yurituvida moddiy ta’minot va aliment undiruvlari bilan bog‘liq 14 mingga yaqin ijro hujjatlar mavjud.  Shundan 3 mingga yaqin ijro hujjatlar oilalar yarashtirilganligi munosabati bilan tamomlangan. Doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan 973 nafar aliment to‘lovchi ishga joylashtirilgan. Birgina, joriy oyning o‘zida 7734 nafar aliment to‘lovchilardan 8 milliard 400 million so‘m aliment pullari undirilgan.

«Kogon tumanilik qarzdor ota 44 oy davomida jami 61 million so‘mdan ortiq aliment to‘lagan. Oradan vaqt o‘tib, yana salkam 48 million so‘m miqdoridagi aliment pullarini to‘lashdan bo‘yin tovlagan. Va sud organlaridan yashiringan. Qidiruv tartiblari orqali Toshkent shahrida qo‘lga olingan otaga nisbatan sud hukmi bilan 2 yilga muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Qarzdor otalarning farzandiga aliment to‘lamagani uchun sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘tab chiqqani  bu ularning to‘lovdan «qutildi», degani emas», — dedi Ixtiyor Olimov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring