Qimor o‘yinlari ishtirokchilarining kartalaridan transchegaraviy o‘tkazmalar taqiqlanmoqda
Prezident tomonidan 30.11.2023 yildagi «Raqamli mahsulotlar (xizmatlar) iste’molchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish choralari to‘g‘risida»gi PQ-381-son Qaror imzolandi.
2024 yil 1 iyuldan boshlab to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faqat AJ shaklida tashkil etilishi va faoliyat ko‘rsatishi bo‘yicha talablar kiritiladi.
To‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdori:
- 2024 yil 1 iyuldan boshlab – to‘lov tizimi operatorlari uchun 50 mlrd so‘mni, to‘lov tashkilotlari uchun 10 mlrd sumni;
- 2025 yil 1 iyuldan boshlab – to‘lov tashkilotlari uchun 20 mlrd so‘mni tashkil etadi.
«Milliy banklararo protsessing markazi» MChJ (HUMO) ustav kapitalidagi davlat ulushi to‘liq Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi.
Markaziy bankka tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlariga bank kartalari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalar sodir etilgan taqdirda bank kartalari, bank hisobvaraqlari va mobil ilovalardagi hisobvaraqlardan foydalanishni 3 kungacha muddatga vaqtincha cheklash to‘g‘risida majburiy ko‘rsatmalar berish vakolati berildi.
Mablag‘larni oluvchi tomonidan qimor o‘yinlari tashkil etish va o‘tkazish faoliyati hamda kapital harakati operatsiyalari amalga oshirilayotganligi to‘g‘risidagi to‘lov tizimining operatsiya kodi yoki boshqa identifikatorlar belgilanganligi haqida ma’lumotlar mavjud bo‘lganda, tijorat banklari tomonidan bank kartasi yordamida O‘zbekiston tashqarisida joylashgan mablag‘larni qabul qiluvchiga transchegaraviy o‘tkazish taqiqlanadi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligining murojaatlari asosida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan qonunga xilof ravishda qimor o‘yinlarida qatnashish hamda kapital harakati operatsiyalarini amalga oshirish imkonini beruvchi Internet tarmog‘idagi axborot resurslari belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud bo‘lgan Internet tarmog‘i reyestriga kiritiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 01.12.2023 yildan kuchga kirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter