Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qatag‘onga uchragan 120 nafardan ortiq vatandoshlarimizning oqlanishi kutilmoqda

Qatag‘onga uchragan 120 nafardan ortiq vatandoshlarimizning oqlanishi kutilmoqda

2021-yil 25-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan Nosirxonto‘ra Kamolxonto‘ra o‘g‘li va Ibrohimbek Laqaylardan boshlab 115 nafar vatandoshimiz oqlangan edi.

Mana endi taniqli ulamo mufti Sadriddinxon Sharifxo‘jayev, Mirzo Ibrohim miroxo‘r Ismoilov rahbarligidagi 40 nafardan ortiq Buxoro amirining amakisi, kuyovi, taniqli dodholari, sobiq harbiylar, qozi va ulamolari; Muhammad Siddiq Mansurbekov (Sag‘ir boyvachcha) kabi farg‘onalik; Tog‘ay amin Safarov, Do‘styor jivachi Mo‘minov, Rahmatulla Bekbo‘tayev kabi qashqadaryolik bobolarimiz, jami 120 nafardan ortiq millat, din va Vatan erki yo‘lida sovetlarga qarshi kurash boshlab, sho‘ro qatag‘oniga uchragan yurtdoshlarimiz ham oqlanmoqda.

«Tez vaqtda yurt ozodligi uchun yeng shimarib jangga kirgan va shu yo‘lga jonini tikkan barcha vatandoshlarimizning eng so‘nggi vakiligacha oqlanadi. Bu ishda biz bilan hamkorlik qilayotgan mas’ul xodimlarga ham minnatdorchilik bildiramiz», deb yozadi o‘z facebook sahifasida tarixchi Bahrom Irzayev.

Quyida ana shunday vatandoshlarimizdan biri Muhammad Husayn to‘qsabo Ja’farov haqidagi ma’lumotlar bilan tanishishingiz mumkin.

MUHAMMAD HUSAYN TO‘QSABO JA’FAROV

Muhammad Husayn to‘qsabo 1858 yil Buxoro shahrida dunyoga kelgan. Besh 5 yoshida otasi vafot etdi. O‘n ikki yoshigacha qarindoshlari qaramog‘ida bo‘lib, maktabda o‘qigan. Muhammad Husayn 15 yoshida ustaga shogird tushdi. Hunar o‘rganib, o‘z xo‘jaligini tiklaydi.

Shundan so‘ng qorovulbegi amakisining tavsiyasi bilan harbiy xizmatga olinadi. 1920 yilgacha yuzboshi, to‘qsabo sarkardor lavozimlarida faoliyat olib bordi. 1920 yil qizil armiya hujumi vaqtida 200 yigitga bosh bo‘lib, Buxoro darvozasi mudofaasi uning bo‘linmasiga topshirildi. Jang oldidan har bir askarga bor yo‘g‘i 10 tadan patron tarqatilgan edi. Birinchi hujumdayoq barcha o‘qlarni sarflab tugatildi. Shunga qaramay yigitlar mardonavor kurash olib borib, bir kun davomida o‘q yomg‘iri va to‘plar zarbasiga chidab berdi.

Keyingi kunni himoyani 50 askari bilan boshlaydi. Qattiq hujum paytida qolgan askarlari ham halok bo‘ldi. Ammo, hech biri maydonni tiriklay tark etmadilar. Maydonda bir o‘zi qolgan Muhammad Husayn to‘qsabo yaralangan holida uyga borib yashirindi.

1922 yil Buxoro mudofaasida ishtirok etgan sobiq amir harbiylarining tirik qolganlarining barchasi qamoqqa olinib, 18 kun davomida sud qilindi. Muhammad Husayn to‘qsabo aybsiz deb topilib, ozodlikka chiqadi.

Muhammad Husayn to‘qsabo Ja’farov 1925 yili aprelda qamoqqa olinadi. 1925 yil 5 mayda buxorolik fors askarlari orasida obro‘si baland, Ibrohimbek Laqayga yo‘l qidiradi, hamisha amir va uning zamonini maqtab, «Yosh buxoroliklar»ni qarg‘ab yuradi deb qaror chiqaradi. 1925 yil 4 sentyabrda Muhammad Husayn to‘qsabo Sibirga surgunga hukm etiladi...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring